insurez
02-04-2026 19:10

Payshanba – Yoshlar kuni: Nurobodda yoshlar bilan ochiq muloqot va amaliy yechimlar


Nurobod tumanida “Payshanba – Yoshlar kuni” doirasida yoshlar bilan ishlash, ularning muammolarini o‘rganish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli ishlar davom etmoqda. Bu kun yoshlar bilan bevosita muloqot qilish, ularning taklif va tashabbuslarini tinglash hamda amaliy yordam ko‘rsatish uchun muhim maydonga aylanmoqda.

Bugun Nurobod tumani hokimi M.Buranov “Payshanba – Yoshlar kuni” doirasida yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Unda yoshlar tomonidan bandlikni ta’minlash, sifatli ta’lim olish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash, imtiyozli kreditlardan foydalanish hamda o‘z loyihalarini amalga oshirishga oid masalalar ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rib chiqildi. Har bir murojaat va tashabbus tegishli mutasaddilar tomonidan o‘rganilib, ularni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha aniq choralar ko‘rilmoqda.

Shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashiga ko‘maklashish hamda innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

“Yoshlar kuni” doirasida ilgari surilayotgan har bir tashabbus – bu nafaqat bugungi kun uchun, balki ertangi taraqqiyot uchun muhim qadamdir. Zero, yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish – hudud rivojining eng muhim omillaridan biridir.

Nurobodda yoshlar bilan ishlashga qaratilayotgan bunday e’tibor ularning orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, kelajakka ishonchini mustahkamlash va jamiyatda munosib o‘rin egallashiga xizmat qilmoqda.

Teglar
- -