Payshanba – Yoshlar kuni: Nurobodda yer berilgan yoshlar daromad manbaiga ega bo‘lmoqda
Nurobod tumanida “Payshanba – Yoshlar kuni” doirasida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Tumanning Boshquduq mahallasida 72 nafar yoshlarga 45 gektar yer maydoni ajratilib, bugungi kunda ushbu yerlar samarali o‘zlashtirilmoqda. Yoshlar yerga mehr bilan yondashib, uni daromad manbaiga aylantirishga erishayotgani alohida e’tiborga molik.
Bugun “Yoshlar kuni” munosabati bilan tuman hokimi M.Buranov Boshquduq mahallasiga bo'lib, yoshlarga ajratilgan yer maydonlaridan foydalanish holatini bevosita o‘rgandi hamda ular bilan muloqot o‘tkazdi.
Muloqot davomida yoshlar “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida piyoz ekkanliklarini, natijada har bir yosh o‘rtacha 50 million so‘m sof foyda olayotganini mamnuniyat bilan ma’lum qildi. Bu esa yoshlarga berilgan imkoniyatlar to‘g‘ri yo‘naltirilsa, qisqa fursatda sezilarli natijalarga erishish mumkinligini yana bir bor isbotlamoqda.
Tuman rahbari yoshlar bilan suhbatda yerga ilmiy yondashuv asosida ishlov berish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda yiliga 2–3 marotaba hosil olish imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, hosildorlikni oshirishda innovatsion ishlanmalar va ilg‘or tajribalardan foydalanish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv davomida yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va muammolar ham e’tibordan chetda qolmadi. Ularni hal etish bo‘yicha tegishli mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Bugungi natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki, yoshlarni yer bilan ta’minlash orqali ularning bandligini ta'minlash, daromad manbaini yaratish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash – hudud rivojining muhim omiliga aylanmoqda.
Zero, yoshlar qo‘lida yer – bu nafaqat hosil, balki kelajak bunyodkorligining mustahkam poydevoridir!




