“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga, yer uchastkalaridan samarali foydalanish sohasidagi huquqbuzarlikning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ 997-sonli Qonuni bilan JK ga kiritilgan o'zgarishlar
O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 15-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga, yer uchastkalaridan samarali foydalanish sohasidagi huquqbuzarlikning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ 997-sonli Qonuni bilan jinoyat kodeksiga o'zgartirishlar kiritildi.
1) 229/1-modda:
birinchi qismining sanksiyasidagi “bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish” degan so‘zlar “besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish” degan so‘zlar bilan almashtirildi;
ikkinchi qismining sanksiyasidagi “ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish” degan so‘zlar “besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish” degan so‘zlar bilan almashtirildi;
2) 229/4-modda:
birinchi qismining sanksiyasidagi “bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish” degan so‘zlar “bir yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish” degan so‘zlar bilan almashtirildi;
ikkinchi qismining:
dispozitsiyasi quyidagi mazmundagi “v” band bilan to‘ldirildi:
“v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa”;
sanksiyasidagi “uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish” degan so‘zlar “besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish” degan so‘zlar bilan almashtirildi.
Yunus Amirov,
Jinoyat ishlari bo'yicha Nurobod tuman sudining devonxona mudiri