insurez
14-11-2025 15:12

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va saylov tizimi


O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi.

 O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi XXII-bobining 128-moddasi O‘zbekiston Respublikasining saylov tizimi deb nomlanadi. Konstitutsiyaning ushbu moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi, bundan ushbu Konstitutsiyada nazarda tutilgan muddatidan ilgari saylov o‘tkazish hollari mustasno.

Saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 129-moddasi ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining referendumini tashkil etish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tuziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qiladi, o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi hamda o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga amal qiladi.

Endilikda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Saylov o‘tkazish tartibi qonun bilan belgilanadi. Saylov to‘g‘risidagi qonunchilik O‘zbekiston Respublikasi Konstiusiyasi, saylov kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjatlaridan iborat.

Konstitutsiyaning takomillashtirilishi saylov jarayonlarini qonuniylik, ochiqlik va oshkoralik tamoyillari asosida, jahonda umume’tirof etilgan demokratik standartlarga mos holda o‘tishini, fuqarolarning saylov huquqi kafolatlarini hamda ularni davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yanada kengroq ta’minlashga xizmat qiladi.
 

O.Yusupov

Nurobod tumani hokimligi bosh yuriskonsulti

Teglar
- -