insurez
16-07-2025 09:14

“Oqila ayollar” harakati a’zolarining MUROJAATNOMASI


Aziz yurtdoshlar, muhtarama onaxonlar, fidoyi opa-singillar, jondan aziz farzandlarimiz!

Oila – jamiyatning birinchi va eng ta’sirli tarbiya maskani, insonning birinchi maktabi, xalqning ma’naviy kuchini shakllantiruvchi muqaddas makondir.

Yangi O‘zbekistonning shiddatli islohotlari tagzamirida oilalar mustahkamligi, jamiyat farovonligi deb atalgan ulug‘ hikmat mujassam. Davlatimiz Rahbari ta’kidlaganlaridek - “Oila – hayotning abadiyligi, avlodlarning davomiyligini ta’minlaydigan, muqaddas urf-odatlarimizni saqlaydigan, shu bilan birga, kelajak nasllar qanday inson bo‘lib yetishishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan tarbiya o‘chog‘i ekanligini tan olishimiz darkor!” Tarixdan ma’lumki, oilaning muqaddasligi va farovonligini ta’minlashda onaning oqilaligi, otaning mardligi, mehr-muruvvat, sadoqat va vafodorlik birinchi omil sifatida baholanadi.

Bizning jamiyatimizda oila qadriyati, farzand tarbiyasi, ota onalik mas’uliyati, ayolga ehtirom eng muhim masaladir! Notinch va taloto‘p dunyo sahnida globallashuv jarayonlari oila qadriyatlariga tahdid solayotgani, necha mingyillik qadriyatlarimizga darz ketayotganini ko‘rib, anglab turibmiz.

Oddiy insoniy munosabat, mehr va ezgulik - umumbashariy an’analarni asrab-avaylash sayyoramizda yashayotgan yetti milliarddan ziyod kishilarning ijtimoiy zarurati, umumiy istagiga aylangani haqiqat. Bizning oldimizda ham ajdodlarimizdan meros qolgan ma’naviy boyliklar, ayniqsa, oila qadriyatlarini saqlash va yoshlar ongida oilaga hurmat, uni muqaddas bilish, oila oldidagi mas’uliyat va majburiyat tuyg‘ularini yuksaltirish vazifasi va boshqa ko‘plab ijtimoiy muammolar ko‘ndalang turibdi.

Oilaviy ajrim sabab murosalari kelisholmay qolayotgan oilalarning har birida bittadan, ikkitadan guldek bolajonlar ota yoki ona mehridan benasib qolib, ko‘ngli yarimta o‘sayotgani, oilaviy ajrim hollarida asosan ayollar va bolalar jabr ko‘rayotgani, oilasidan ajrashgan ayollaraning ko‘p qismi chet ellarga mehnat migratsiyasiga ketib qolayotgani;

- Oilaviy ajrimlarning salmoqli qismi uchinchi shaxs aralashuvi, yoshlarning oila hayotiga tayyor emasligi bilan bog‘liq ekanligi, shuningdek, o‘zaro nizolarda oilaviy zo‘ravonlik holatlarining qayd etilayotganligi;

- Nikohni qonuniy rasmiylashtirmagan oilalarda onalar va farzandlar manfaatlarini himoya qilish imkoniyatlarining muayyan darajada chegaralanganligi;

- yaqin qarindoshlar bilan quda-anda bo‘lish, qizlarni erta yoshda turmushga uzatish holatlari va ushbu nikohlar oqibatida irsiy va tug‘ma nogiron farzandlar tug‘ilayotgani;

- qizlarimizning orzu va maqsadlari bilan hisoblashmasdan, erta yoshda va ota-onaning hohishiga qarab turmushga uzatish, ularni ruhan mayib-majruh qilib, hayotda o‘z o‘rnilarini topishlarida katta qiyinchiliklarni yuzaga keltirayotganligi;

- ba’zi ota-onalarimizning farzandlarimizni mustaqil fikrlovchi, teran bilimli, sog‘lom irodali elu yurtga sadoqatli bo‘lib kamol topishlarida ota-onalik mas’uliyatini esdan chiqarib qo‘yayotganlari;

- Farzand – oila quvonchi, Vatan va jamiyat tayanchi. Uning sog‘lom va barkamol, irodali hamda Ona-Vatanga sadoqatli bo‘lib ulg‘ayishida ayrim ota-onalar o‘z burchi va majburiyatini unutib qo‘yayotganligi;

- ayrim qizlarimizning sarobga aldanib, yolg‘on tasavvurlar bilan boshqa davlatlarda yashovchi shaxslarga turmushga chiqib, turli hayotiy muammolar girdobiga tushib qolayotganligi;

- dunyoning qaysi go‘shalarida onalar va yosh bolalar suvga to‘ymayotgan, nonga to‘ymayotgan, hayot uchun o‘ta zarur ne’matlar taqchilligi bo‘lgan hozirgi paytda bir kunlik orzu-havas uchun kim o‘zarga to‘y qilayotgan, isrofgarchilikdan, uvoldan qo‘rqmayotgan, jamiyatda ijtimoiy tabaqalanishni yuzaga keltirayotgan yurtdoshlarimizni ko‘rib, barchamiz jiddiy xavotirdamiz.

Azizlar!

Shuni ishonch bilan aytamizki, oilalar va mahallalar barqaror ijtimoiy muhitiga mas’ul bo‘lgan “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiya”larining 113 mingdan ziyod a’zolari, 3 700 dan ortiq otinoyilar, 200 mingga yaqin "Oqila ayollar" harakati a’zolari, 100 mingdan ortiq “ko‘chaboshilar” bugungi kunda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining ma’rifiy kuchiga aylangan.

Ming afsuski, arzimagan hoyu-havaslar va bahonalar ortidan farzandlari oilasining buzilib ketishiga, nabiralari ota-ona mehridan mosuvo bo‘lishiga sababchi bo‘layotgan, kim o‘zarga to‘y qilayotgan, voyaga yetmagan qizlarini unashtirayotgan, qarindoshi bilan quda bo‘lishni istab farzandlarining hayotini parokanda qilayotgan ota-onalar bilan ish olib borishda bu kuchlar yetarli bo‘lmayotgani, ular fuqarolik jamiyatining eng mukammal namunasi bo‘lgan Mahalla bilan hisoblashmasligi ham bor gap.

Har bir o‘zbekning yuragiga og‘riq soladigan bu muammolarni faqat bahamjihatlikda, mustahkam hamkorlikda, yuqori darajadagi tartib-intizomda ma’rifiy yo‘l bilan, jamoatchilik ta’siri bilan bartaraf etish mumkin. Birlashish, hamjihatlik, bir-birimizni chin dildan qo‘llab-quvvatlashgina jamiyat taraqqiyoti ildiziga soya solayotgan illatlarni yo‘qotishga yo‘l ochadi.

Zero, jamoatchilik ta’siri – ulkan ma’rifiy to‘lqin ekanligini hammamiz yaxshi bilamiz! Shaxsiy namuna, metin iroda, o‘zgalar dardiga darmon bo‘la olishdek fidoyi bo‘lsakkina yurtga qo‘shamiz! sodiq farzandlarni tarbiyalab voyaga yetkazamiz, elga Qadrli nuroniy otaxonlar, donishmand onajonlar, botir o‘g‘lonlarimiz, munis opa-singillarimiz, jondan aziz dilbandlarimiz!

Biz - 200 mingdan ortiq “Oqila ayollar” harakati vakillari sifatida yurtimiz onalarining ma’rifiy safarbarlik murojaatini yo‘llaymiz. Barcha ota-onalar, mehnat jamoalari vakillari, mahallalar fidoyilari barchamiz bir maqsad, bir niyat yo‘lida birlashib, bir tanu bir jon bo‘lib, bahamjihat harakat qilsak, albatta ko‘zlangan hayrli maqsadlarimizga erishamiz. Bobolarimiz aytgan “Tarbiya najot, tarbiya hayot, tarbiya – ertaning yorqin aksi” - ulug‘ hikmat “Farovon oila, ma’rifatli jamiyat sari” deyilgan muqaddas shiorimizga aylansin!

Zero, onalar-millatning tarbiyachilari, otalar - yurtning tayanchidirlar! Keling, avvalo, farzandlar ta’lim-tarbiyasi hayot-mamot masalasi ekanini amaliy harakatga aylantiraylik! Yurtimizda hech bir ayol o‘z muammosi bilan yolg‘iz qolmasin, hech bir ayol va bolalar zo‘ravonlik, tazyiq jabrdiydasiga aylanmasin!

Jamiyatdagi ijtimoiy muammolarga befarq bo‘lmalik, yoniq qalb, uyg‘oq tafakkur nigohi bilan qarab, tish-tirnog‘imiz bilan qarshi kurashaylik! Davr-shiddatkor. Jamoatchilikning ulkan kuchini oilalar mustahkamligi, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar, erta turmush holatlarini bartaraf etishga, ko‘ngillarga yaxshilik, ezgulik yo‘llash, o‘zgalarning dardiga darmon bo‘lishga safarbar qilaylik!

Topganimizni yaxshiliklarga buyurishini, bugundan shukronalik, ertadan yorug‘ umidlar kutishdek muazzam orzularimiz ro‘yobini farzandlarimizdan qaytishini so‘raylik. Toki oilasi parokanda bo‘lgan, ko‘ngli yarimta, bolalari nogiron insonlar safi kamaysin, uylarida ezgulik chiroqlari yonsin! Oiladagi bobo-buvilar, ota-onalar, o‘g‘il-qizlar, barcha-barchamiz moddiy resurslarimizni erta va yaqin qarindoshlar nikohlari oqibatida tug‘iladigan nogiron bolalarning dori-darmoniga emas, sog‘lom avlodlar kelajagini ta’minlashga, yuksak darajada bilim olishiga sarflanishi zarurligini chuqur anglab yetaylik!

Oilalarni mustahkamlash, shukronalik tuyg‘ularini chuqur singdirish, kelajak avlodimizning sog‘lom, to‘liq va to‘kis oilalarda ulg‘ayishini ta’minlash, millat genofondining oltin xalqasini ko‘z qorachig‘idek asrash chin farzandlik burchimizga, umummaqsadimizga, umummilliy harakatga aylansin!

Aziz va qadrli, qalbi va tafakkuri uyg‘oq vatandoshlar!

Jamiyatimiz hayotida mavjud salbiy illatlarning oldini olishda, bu yo‘ldagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda sizlarning faol ishtirokingiz muhimdir.

Teglar
- -