Olma mevaxo‘ri: hayot sikli, zarari va samarali kurash usullari
Respublikamizda keng miqyosda meva sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, ularni sifat darajasini oshirish, nafaqat ichki bozor, balki tashqi bozorlarga eksport qilish muhim dolzarb masala. Nurobod tumani cho‘l va dasht zonasi bo‘lishiga qaramasdan bog‘bon dehqonlarimiz tomchilatib so‘g‘orish texnologiyasi orqali cho‘lda bog‘lar yaratishmoqda. Bog‘bonlarimiz tomchilatib so‘g‘orish texnologiyalarini amaliyotga joriy qilgan holda yuqori hosildorlikka erishmoqda. Ammo bog‘bonlarimiz mevaning hosildorligi va sifatiga ta`sir etuvchi omillardan biri zararli hashorotlar bilan muntazam ravishda kurashib kelmoqda. Ushbu zararkunandalar nafaqat hosildorlikni pasaytiradi, balki meva sifatiga ham salbiy ta'sir ko'rsatadi. Ushbu maqolada qishloq xo‘jaligida mevali daraxtlarga o‘ta xavfli zararkunandalardan biri bo‘lgan olma mevaxo‘ri haqida ma`lumot va unga qarshi kurashish choralari to‘g‘risida tushuncha berib o‘tamiz.
Meva daraxtlariga zarar yetkazuvchi hashorotlarning eng asosiylaridan biri: Olma mevaxo‘ri (Sarpocapsa pomanella L) va Kamstok qurtidir (Pseudococcus comstocki). Olma qurti (Carpocapsa (Cydia) pomonella L) 30 turdan ortiq mevali daraxtlarni jumladan olma ,behi, yong‘oq, o‘rik, shaftoli va olxo‘rini zararlaydi. Qurt meva ichiga teshib kirib bozorbopligini pasaytiradi va mevaning chirishiga sabab bo‘ladi. Bunday mevalarni saqlab bo‘lmaydi. Olma qurtining uzunligi 10-20 mm, usti pushti, pasti oq yoki sarg‘ish, tanasida tukli mayda kulrang dog‘chalar bor, boshi qo‘ng‘ir yoki qizg‘ish tusda, yosh qurt oq rangda bo‘ladi. Gʻumbagi yumshoq pilla ichida turadi.
Daraxt po‘stloqlari orasida, bog‘ ichidagi shoxlar ostida, omborxona va boshqa himoyalangan joylarda, yosh bog‘larda esa ildiz bug‘zi atrofidagi tuproqning 3 sm gacha bo‘lgan chuqurligida, pilla ichida katta yoshli qurt shaklida qishlaydi. Erta bahor qurtlar g‘umbakka aylanadi. Olma gullay boshlaganda g‘umbakdan kapalaklar uchib chiqadi, uchish 7-14 kun davom etadi, uchishning 2-4 kuni urchib tuxum qo‘yish boshlanadi, ommaviy tuxum qo‘yish 8-10 kunlari boshlanadi. Urg‘ochisi olma barglariga va meva tugunchalariga bittadan jami 100-160 ta tuxum qo‘yadi. Tuxumdan chiqqan qurtlar barg va meva eti bilan keyinchalik uning urug‘i bilan oziqlanadi. Har bir qurt 2-3 tadan mevani zararlaydi. Mevaga kirgan joyida chiqindisini ko‘rish mumkin. Qurt yetilganidan so‘ng mevadan chiqib, daraxt ustida yoki daraxt yaqinida himoyalangan holda g‘umbakka aylanadi. Yiliga 3 marta avlod beradi.
Olma mevaxo‘riga qarshi kurash choralari quyidagilardan iborat; kuzda xazon barglarini to‘plab ko‘mib yuborish: daraxt tanasini eski po‘stloqlardan tozalash; daraxt atrofini yaxshilab chopiq qilish; daraxtlar tanasini oqlash; bog‘larda tutqich belbog‘lar o‘rnatish; pishmay to‘kilayotgan mevalarni har kuni terib olish. Meva saqlanadigan binolarga kapalaklar kirmasligi uchun deraza, ventelatsiya teshiklariga doka yoki 2,5 mm dan oshmaydigan simli to‘r qoplash tavsiya etiladi. May oyining o‘rtalarida birinchi avlod qurtlari mevadan chiqib pilla o‘rash uchun daraxtlarning tanasiga va pastki yo‘g‘on shoxlarining asosiga tusha boshlaganda daraxt tanalariga tutqich belboglari bog‘lanadi, ular meva terib olinguncha daraxtlarda qoldiriladi va har 7-10 kunda bir marta ko‘zdan kechirilib, belbog‘dagi qurtlar ezib tashlanadi yoki belbog‘lar qaynoq suvga botirib olinadi va qurigach yana joyiga bog‘lab qo‘yish mumkin. Belbog‘lar vaqtida ko‘zdan kechirilmasa unga kirib qolgan qurtlar kapalakka aylanib oladi. Bog‘larda qurtlarning asosiy qismini tutqich belbog‘lari bilan tutib yo‘q qilish mumkin. Tutqich belbog‘i uchun eski qop va jun motolardan foydalaniladi. Ba`zan mato topilmasa poxoldan belbog‘ qilsa ham bo‘ladi. Pishmay to‘kilayotgan zararlangan mevalarni muntazam terib olinib, kesib quritib, qoqi qilish yoki molga berish kerak. To‘kilgan mevalarni o‘z vaqtida terib olish, bog‘dagi olma qurtlarini 25% gacha kamaytiradi.
Olma qurtini yo‘q qilish uchun uning har bir avlodiga qarshi daraxtlarga ikki martadan dori purkash tavsiya etiladi. Olma daraxti gullagandan keyin birinchi marta dorilanadi. Olma gullagandan so‘ng gul kosachasi 10 kungacha ochiq turadi, shu kunlar ichida daraxtlarga dori purkaladi. Daraxt tanasi butkul yuqori shoxlarigacha dorilanishi shart. Vegetatsiya davrida tarkibida xlorantraniprol, asetamiprid, lyambda-sigolotrin, tikloprid yoki sipermetrin+xlorpirifos bo‘lgan preparatlar bilan ishlov beriladi. Siz bu preparatlarni tumanlardagi O‘simliklar klinikalaridan topishingiz mumkin.
Hozirgi vaqtda viloyat bo‘ylab O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Viloyat Boshqarmasi tashabbusi bilan amaliy tadbirlar o‘tkazilmoqda. O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Nurobod tuman bo‘limi agronom entomologlari va inspektorlari tuman hududi bo‘ylab barcha aholi va xo‘jaliklar doirasida keng ko‘lamda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishyapti. Aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, tamorqa va bog‘larga kuzgi va qishki mavsumga tayyorgarlik yuzasidan kerakli tavsiyalar berilmoqda.
O`simliklar karantini va himoyasi agentligi
Nurobod tuman bo`limi Zararli organizmlarni
tarqalishini pragnozlashtirish va monitoring
qilish bo‘yicha yetakchi mutaxassis: Sh.Sattorov