insurez
29-05-2025 16:10

ODAM SAVDOSIGA QARSHI KURASHISH TO‘GʻRISIDAGI QONUN TUSHUNCHASI


O‘zbekiston Respublikasining "Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi (yangi tahrirda) 2020 yil 17 avgustda O‘RQ-633-sonli Qonuni qabul qilingan. 

Ushbu Qonunning maqsadi odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iborat. 

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shart-nomasida O‘zbekiston Respublikasining odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

Ushbu Qonunga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxs savdosi "Odam savdosi" degan tushunchada ko‘rsatilgan ta’sir o‘tkazish vositalaridan foydalanilgan-foydalanilmaganligidan qat’i nazar, har qanday harakat yoki bitim bo‘lib, ular vositasida voyaga yetmagan shaxs ota-onasi, boshqa qonuniy vakili yoki o‘zga shaxs tomonidan qonunga xilof ravishda undan foydalanish maqsadida yoxud moddiy yoki boshqa naf olish maqsadida boshqa shaxsga haq evaziga beriladi.

Odam savdosi - kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud majburlashning boshqa shakllaridan foydalanish, o‘g‘irlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiiste’mol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun to‘lovlar yoki manfaatdor etish evaziga og‘dirib olish yo‘li bilan odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. 

Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning o‘zga shakllarini, majburiy mehnatni yoki xizmatlarni, qullikni yoxud qullikka o‘xshash odatlarni, erksizlik holatini yoxud inson a’zolarini, to‘qimalarini va (yoki) hujayralarini ajratib olishni anglatadi.

Odam savdosidan jabrlangan shaxs - odam savdosidan, bunday harakatga rozilik berganligi-bermaganligidan va jinoyat prosessida ishtirok etganligi-etmaganligidan qat’i nazar, jabrlangan jismoniy shaxs hisoblanadi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar kamaygan bo‘lsada, bu yo‘nalishda sodir etilgan umumiy jinoyatlar orasida chaqaloq savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar yuqoriligicha qolayotganligi, "Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonunning 3-moddasi 5-qismida odam savdosi vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxs roziligini olish uchun to‘lovlar yoki manfaatdor etish evaziga og‘dirib olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash (chaqaloqlarni sotish), tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilishga qaratilgan jinoiy faoliyat oshib bormoqda.

J. Arslanov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurobod tuman 
sudining raisi.

M.Omonov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurobod tuman 
sudining tergov sudyasi.

Teglar
- -