insurez
27-12-2024 11:54

Odam savdosi - Asr muammosi!


Bugungi kunga kelib asrimizning jiddiy muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash xalqaro, mintaqaviy, ko‘p va ikki tomonlama munosabatlarni talab etmoqda. Hozirga qadar jinoyatchilikning ushbu turiga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir qator xalqaro tavsiyaviy va majburiy xarakterga ega hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, ular doirasida ushbu xavfga qarshi dunyo miqyosida tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

"Odam savdosiga va uchinchi shaxslar tomonidan tanfurushlikdan foydalanishga qarshi kurash to‘g‘risida"gi Konvensiya (1949), "Qullik va qul savdosini, qullikka o‘xshash institutlar va odatlarni bekor qilish to‘g‘risida"gi qo‘shimcha Konvensiya (1956), "Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash haqida"gi Konvensiyani to‘ldiruvchi "Odamlar, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosini to‘xtatish, oldini olish va uning uchun jazo to‘g‘risida"gi bayonnoma (2000) bu borada dasturiy hujjat vazifasini o‘tamoqda.

Odam savdosiga qarshi kurashish yuzasidan davlatlararo hamkorlikni kuchaytirish maqsadida 2005 yili MDH doirasida "Odam savdosiga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni kuchaytirish to‘g‘risida"gi kelishuv, 2006 yilda sakkiz a’zo mamlakat doirasida "Odam savdosiga qarshi kurashning 2007–2010 yillarga mo‘ljallangan dasturi" qabul qilingan edi.

Afsuski, dunyo bo‘ylab shuncha keng qamrovli faoliyat, tegishli targ‘ibot-tashviqot olib borilishiga qaramay, har yili millionlab insonlar "zamonaviy qullik", ya’ni odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi achinarli. Ushbu jinoyatning rivojlanishiga turtki bo‘layotgan asosiy omillardan biri odamlarning chet elga borish va ishga joylashish haqida yetarli ma’lumotga ega emasligidir. Achinarlisi, o‘zga davlat, begona bir muhitga tushib qolganlar mo‘may daromad ilinjida og‘ir jismoniy mehnatga yollanmoqda, ayollar esa tuban va fahsh ishlarga majbur etilmoqda.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyatchilik natijasida olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard AQSH dollaridan oshib ketgan. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayol va bolalardir. Har yili dunyo bo‘yicha 600–800 ming nafar ayol va bolalar aldov yo‘li bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda.

Odam savdosi – kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud boshqa majburlash shakllaridan foydalanish, o‘g‘irlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiiste’mol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun uni to‘lovlar yoki manfaatdor etish evaziga og‘dirib olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning boshqa shakllarini, majburiy mehnat yoki xizmatlarni, qullik yoki qullikka o‘xshash odatlarni, erksiz holat yoxud inson a’zolari yoki to‘qimalarini ajratib olishni anglatadi.

O‘tgan asrdan yigirma birinchi asrga transmilliy tashkiliy jinoyatchilikning uchta eng xavfli turi "meros" bo‘lib o‘tdi. Ularning birinchisi – xalqaro terrorizm va din niqobi ostidagi zo‘ravonlik ruhi, kuch ishlatish, ya’ni ekstremistik, fundamentalistik, separatistik xurujlar, ikkinchisi – narkobiznes yoki narko-traffik bilan shug‘ullanayotgan jinoiy uyushmalar, uchinchisi – odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik-yirik jinoyatchi tashkilotlarning yildan-yilga kuchayayotganidir.

Sanab o‘tilgan transmilliy jinoyatchilik, ya’ni hudud yoki chegara tanlamayotgan jinoyatlarning qaysi bir turini tahlil qilmaylik, ularning barchasi insoniyat sivilizatsiyasiga ochiqdan-ochiq to‘siq ekani, jamiyat taraqqiyoti va davlatlar rivojiga jiddiy xavf tug‘dirishi ma’lum bo‘ladi.

Bu jinoyatlarning asosiy sababi ma’naviy qashshoqlik, ochko‘zlik, dunyoga haddan tashqari hirs qo‘yish va nafsiga qul bo‘lishdir. Bugungi kunda insonlar qul qilib sotayotgan ba’zi kimsalar insonlarni hur qilib yaratgan Alloh taolo bilan Xudolikni talashmoqda. Islom dini ko‘rsatmalarida ham insonning jonzotlar ichida eng mukarrami ekani ta’kidlanib, qullikka qarshi qat’iy choralar belgilab qo‘yilgan.

 

J.Arslanov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurobod tuman sudi raisi

Teglar
- -