Nurobodning zabardast o'g'loni - Murod Muhammad Do‘st va uning “Lolazor” asari
Murod Muhammad Doʻstning “Lolazor” asari boshqa davrdosh romanlardan farqli ravishda barcha ijtimoiy muammolarning ildizi mavjud siyosiy tafakkur bilan bogʻliqligini asoslab bergan. Yozuvchi davrga xos muammolar uchun aniq yechim taklif qila olmaydi, biroq paradoksal tuzumga nisbatan ziyoli odam qanday maqomda turishi kerakligini anglab yetadi. Yolgʻonga asoslangan tuzum va manipulyativ hukmron elita taʼsiridan maʼnan xalos boʻlish, mavjud siyosiy-ijtimoiy jarayonlarning illyuziya ekanini anglash, shu aldovga hissa qoʻshmaslik ziyoli insonning burchi deb biladi. Bu burch mohiyatida nafaqat obyektiv voqelikni haqqoniy baholash, balki oʻzlikni anglash masalasi ham turadi. Boshqacha aytganda, yozuvchi yolgʻon jamiyatda yashayotganini anglagan shaxsni oʻzligini anglagan shaxsga tenglashtiradi. Shu bois “Lolazor” romanini toʻlaligicha kinoya asosiga quradi. Adib uchun kinoya shunchaki badiiy vosita emas, balki oʻzlikni anglashning muhim belgisi. Binobarin, shaxsning yolgʻonlardan yuqorida ekaniga yagona dalil uning shu voqelikka nisbatan istehzoli pozitsiyada turishidir. Yaʼni faqat aldanmagan odamgina kinoya qila oladi.
“Lolazor” romanining markazida uch qahramon turadi. Bu uchovlonning roman mazmunida tutgan oʻrni va vazifasi, yozuvchining badiiy konsepsiyasidagi ahamiyatini tushunishda Saidqul Mardonning quyidagi tasnifi muhim rol oʻynaydi: “Oshno – Iskandari Zulqarnayn, Yaxshiboyev Iskandarning shoxini koʻrib ichiga singdirolmagan sartarosh, men esam – quduq, chuqur va zimiston quduq”. Oshno, Nazar Yaxshiboyev va Saidqul Mardonning taqdiri, aʼmoli, feʼli-huyidan kelib chiqsak, ularning birortasi ham bir vaqtda oʻzligini anglagan va oʻzligini namoyon etgan shaxslar emas.
Yozuvchi tobora “kolxoz”lashib borayotgan yurt kelajagidan qaygʻuradi. U xalqi boshiga kelgan qullik qismati, bogʻlari buzilib oʻrniga paxta ekilishi, daryolarning boʻgʻilishi, dengizning qurishi, odamlarning ham maʼnan, ham jismonan mayib-majruh boʻlishi – bari-bariga yurtning kattalari, ularning ish tutumini belgilovchi siyosiy madaniyat sababchi demoqchi boʻladi. Zotan, yurtda shakllangan siyosiy tafakkurga koʻra islohotlar xalq uchun, inson uchun emas, balki bir hovuch mansabdorning manfaati uchun, “ochko” uchun amalga oshirilishini roʻy-rost koʻrsatishga urinadi...
“Lolazor” milliy adabiyotimizda hokimiyatni anglashni, hukmron elitaga xos murakkab ruhiy tovlanishlarni koʻrsatishni maqsad qilgan nodir asar.
Murod Muhammad Doʻst oʻzining inson konsepsiyasini davr va oʻzlikni anglashdek ulkan ehtiyoj pishib yetilganda, favqulodda katta mahorat bilan yaratdi. Undan keyin “Lolazor” kabi siyosiy tuzum va hukmron elitani anglashga qaratilgan romanlar yozilmadi. Sababi ehtiyoj boʻlmadi, aniqrogʻi, oʻtgan asrdan buyon oʻzgarmay kelayotgan bizdagi dunyoqarash uchun “Lolazor” kifoya qiladi. Zotan, biz roman badiiy voqeligida tasvirlangan siyosiy madaniyat, ijtimoiy-siyosiy munosabatlar, ijtimoiy hayot va siyosiy tafakkurdan hali u qadar ham olislab ketganimizcha yoʻq...