Nurobodda yoshlar ilhomi, tarixiy meros va baxshilik an’analari uyg‘unlashgan kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Bugun Nurobod tumani Yoshlar markazida kitobsevarlik, ijod, tarixiy-madaniy va ma’naviyat ruhini o‘zida mujassam etgan kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur ma’rifiy tadbir yurtimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarni ijodga ruhlantirish hamda milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga qaratilgan ezgu tashabbusning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Tadbirda Nurobod tumani hokimligi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi tuman bo'linmasi, “Nurobod” gazetasi tahririyati, tuman Axborot-kutubxona markazi vakillari, tajribali va taniqli ijodkorlar, adabiyot ixlosmandlari, shuningdek, tumanimizning iste’dodli ijodkor yoshlari faol ishtirok etishdi.
Taqdimot davomida tumanimizda kamol topib kelayotgan yosh ijodkorlarning she’r, hikoya, qissa va balladalarini o‘zida mujassam etgan “Ilhom nurlari” nomli to‘plam yoshlarning qalb kechinmalari, orzu-intilishlari va hayotga bo‘lgan munosabatini aks ettirishi bilan ahamiyatlidir. Ushbu to‘plam yosh qalamkashlarning ijodiy izlanishlari, badiiy tafakkuri va adabiyotga bo‘lgan muhabbatining yorqin namunasi sifatida e’tirof etildi.
Shuningdek, Nurobod tumanining ko‘p asrlik tarixi, boy madaniy merosi va qadimiy maskanlari haqida ilmiy-ma’rifiy ma’lumotlarni jamlagan “Nurobod — qadimiy maskan” nomli monografiya-to‘plamning taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu asar tumanimiz tarixini o‘rganish, yosh avlodga ajdodlarimizning bebaho merosini yetkazish hamda yurtimizning tarixiy obidalarini targ‘ib etishda muhim manba bo‘lib xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Bundan tashqari, xalq og‘zaki ijodining noyob namunalari, dostonchilik va baxshichilik an’analarini o‘zida mujassam etgan, baxshi Shavkat Bobomurodov qalamiga mansub “Baxshi bolam, doston bil” nomli kitob taqdimoti ham tadbirning eng esda qolarli lahzalaridan biri bo‘ldi. Ushbu asar orqali milliy dostonchilik san’ati, baxshilik maktabining o‘ziga xos jihatlari va yosh avlodni ushbu an’anaga mehr ruhida tarbiyalash masalalariga e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida kitoblar yuzasidan ishtirokchilar va mualliflar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar, tahliliy chiqishlar hamda ijodiy mulohazalar tinglandi. Ijodkor yoshlarning o‘z asarlaridan parchalar o‘qib berishlari, she’riy chiqishlari tadbirga alohida badiiy ruh va samimiy muhit bag‘ishladi. Mutaxassislar tomonidan bildirilgan tavsiyalar yosh qalamkashlar uchun ijodiy rag‘bat va muhim yo‘l-yo‘riq bo‘ldi.
Mazkur kitoblar taqdimoti Nurobod tumanida kitobxonlikni keng targ‘ib etish, yoshlarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy-ma’rifiy muhitni yanada mustahkamlash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.
Bunday ma’naviy tadbirlar yoshlar qalbida kitobga, ilmga va ijodga bo‘lgan muhabbatni yanada kuchaytirib, yurtimiz kelajagi bo‘lgan barkamol avlodni tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi.




