insurez
12-03-2026 19:49

Nurobodda yoshlar bilan muloqot: ta’lim, kasb-hunar va kelajak rejalari muhokama qilindi


Bugun Nurobod tumani hokimi M.Buranov tumandagi 2-son politexnikumida tahsil olayotgan o‘quvchi-yoshlar bilan uchrashib, ular bilan samimiy muloqot o‘tkazdi. Mazkur uchrashuv yoshlarning fikr-mulohazalarini tinglash, ularning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash hamda kasb-hunar ta’limi jarayonlari bilan yaqindan tanishish maqsadida tashkil etildi.

Uchrashuv davomida politexnikum o‘quvchilari o‘zlarini qiziqtirgan dolzarb masalalar — ta’lim sifati, kasb tanlash, kelajak rejalari, bandlik imkoniyatlari hamda zamonaviy kasblarni egallash yo‘nalishlari yuzasidan tuman rahbari bilan fikr almashdi. Yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar tinglanib, ularning ilg‘or g‘oyalari, tashabbuskorligi hamda ijodiy qarashlari tuman hokimi tomonidan yuqori baholandi.

Shuningdek, tuman rahbari politexnikumda o‘quvchi-yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Xususan, kasb-hunar o‘rgatishga mo‘ljallangan zamonaviy ustaxonalarda bo‘lib, payvandlash, tikuvchilik hamda boshqa ishlab chiqarish yo‘nalishlarida amaliy bilim olayotgan yoshlarning faoliyati bilan tanishdi.

Amaliy mashg‘ulot jarayonida o‘quvchilar tomonidan bajarilayotgan ishlar, ularning kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan o‘quv jarayonlari tuman rahbarida iliq taassurot qoldirdi. Hokim yoshlar bilan bevosita suhbatlashib, ularning kelajakdagi rejalari, tanlagan kasblari, orzu-intilishlari va oldilariga qo‘ygan maqsadlari haqida qiziqdi.

Bugungi kunda zamonaviy kasb-hunar egallagan yoshlar nafaqat o‘z kelajagini mustahkamlaydi, balki hudud iqtisodiyoti va jamiyat taraqqiyotiga ham munosib hissa qo‘shadi. Shu bois politexnikumlarda tashkil etilgan amaliy ta’lim jarayonlari yoshlarning mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni puxta egallashida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur uchrashuv yoshlarda yangi maqsad va intilishlar uyg‘otib, ularni yanada faol, tashabbuskor va izlanuvchan bo‘lishga undadi. Shuningdek, o‘z ustida tinimsiz ishlash, bilim va kasb-hunar orqali kelajakda jamiyatga munosib xizmat qiladigan yetuk mutaxassis bo‘lib yetishish zarurligi ta’kidlandi.

Teglar
- -