Nurobodda yashil tashabbus: dala chetlari ko‘chatlar bilan boyitilmoqda
Nurobod tumanida joylashgan “Umid foyoz bog‘lari” fermer xo‘jaligi hududida dala chetlariga ko‘chat ekish bo‘yicha amaliy seminar tashkil etildi. Ushbu tadbir nafaqat qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish, balki atrof-muhitni muhofaza qilish va hududni yanada obodonlashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Seminarda tuman hokimligi mutasaddilari, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari, fermerlar hamda yoshlar faol ishtirok etdi. Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan dala chetlariga daraxt va ko‘chat ekishning agrotexnik talablari, to‘g‘ri parvarishlash usullari hamda ularning shamol va eroziyaga qarshi ahamiyati haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Ishtirokchilar bevosita yer maydonida ko‘chat ekish jarayonida qatnashib, o‘z tajribalarini boyitdilar. Bu kabi tashabbuslar qishloq xo‘jaligida barqarorlikni ta’minlash, yer unumdorligini oshirish va ekologik muvozanatni saqlashda muhim o‘rin tutadi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan bunday amaliy seminarlarni kengaytirish va boshqa hududlarda ham tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Yashil makon — kelajak poydevori!




