Nurobodda “Shijoat va g‘ayrat” sport musobaqasining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi
Nurobod tumanida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning jismoniy faolligini oshirish hamda sportga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish maqsadida “Shijoat va g‘ayrat” sport musobaqasining tuman bosqichi katta shukuh bilan o‘tkazildi.
Mazkur musobaqada tumanning barcha mahallalaridan tanlab olingan 10 nafardan faol va sportga qiziqishi yuqori bo‘lgan yoshlar ishtirok etishdi. Jami yuzlab yoshlar turli sport turlarida o‘zaro bellashib, chinakamiga shijoat, matonat va g‘ayrat namunasini ko‘rsatishdi.
Tadbirning ochilish marosimida tuman hokimligi, Mahallalar uyushmasi, tuman yoshlar ishlari bo‘limi, ta’lim va sport tashkilotlari vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan sport musobaqalarining yoshlar hayotidagi tarbiyaviy, jismoniy va ma’naviy ahamiyati alohida ta’kidlandi. Shuningdek, bu kabi tadbirlar yoshlar orasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, do‘stlikni mustahkamlash va bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish imkonini berishi alohida qayd etildi.
Musobaqa davomida yoshlar bir nechta sport va harbiycha shartlar asosida bellashib, eng yaxshi jamoalar aniqlandi.
Umumiy natijalarga ko'ra, Sharq yulduzi mahallasi jamoasi faxrli 1-o'rinni egallab, viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo'lga kiritgan bo'lsa, Po'latchi yoshlari faxrli 2-o'rin, Omondara mahallasi yoshlari faxrli 3-o'rin sohibiga aylanishdi.
Barcha g'olib va sovrindor o'rinlarni egallagan jamoalar a'zolari hamda musobaqada faol ishtiroki bilan turli nominatsiyalarda g'olib bo'lgan yigit-qizlar tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
“Shijoat va g‘ayrat” musobaqasi Nurobod yoshlari uchun nafaqat sport maydonida o‘zini namoyon qilish, balki bir-birini qo‘llab-quvvatlash, jamoa bo‘lib harakat qilish, sog‘lom raqobat muhitida o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkonini berdi.