insurez
22-04-2025 19:15

Nurobodda Senat qo'mitasi rahbariyati o'rganishlar olib bordi


Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Q.Burhonov, Nurobod tumani hokimi M.Buranov, viloyat va tuman prokuraturasi, ichki ishlar vakillari tumandagi bir qator hududlarda o‘rganish ishlari olib borishdi.

O'rganishlar dastavval mahalla yettilliklari faoliyatiga qaratilib, rahbarlar Sarikul va Sharq yulduzi mahallalari yettiligi timsolida tumandagi mahalla faollari faoliyati bilan tanishishdi.

Mahalla faollarining hududlar rivoji, aholi turmush farovonligini oshirish va jinoyatchilik holatlarini kamaytirish borasidagi sa’y-harakatlariga tahliliy baho berildi.

Shundan so'ng, rahbarlar tuman markaziy tibbiyot birlashmasida bo‘lib, unda davolanayotgan bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar, zamonaviy tibbiyot texnologiyalari bilan ta’minlanganlik holati, shifokorlar malakasi va bemorlar bilan muloqot darajasi batafsil o'rganildi.

Ko'rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, tuman tibbiyot tizimida qilinayotgan ishlar samaradorligini ta'minlash va viloyatda bu borada eng oldingi saflarga olib chiqish yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilandi.

O'rganishlar davomida hududda joylashgan 41-umumta'lim maktabida o'quvchilar uchun yaratilgan sharoit va qulayliklar hamda maktabning moddiy-texnik ta'minoti  bilan yaqindan tanishildi.

Shuningdek, Nurbuloq mahallasidagi mashhur Abu Ali ibn Sino sihatgohi faoliyati bilan yaqindan tanishilib, unda fuqarolar uchun yaratilgan sharoit va qulayliklar ko‘zdan kechirildi.

Ushbu sihatgohda malakali shifokorlar tomonidan dam oluvchilarga 24 soat davomida turli sog‘lomlashtirish xizmatlari taqdim etiladi. 

Rahbarlar tomonidan Nurobod tumanining tabiiy boyliklari, xususan, mineral suv manbalari va toza havosi, sog‘lomlashtirish turizmini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar yaratishi ortidan tuman turizm salohiyati ham yanada yuksalishi alohida ta'kidlandi.

Amalga oshirilayotgan ushbu ilg'or tashabbus va loyihalar aholi farovonligini oshirish va tuman iqtisodiyotini mustahkamlash yo'lida muhim poydevor bo'lib xizmat qilishi ta'kidlandi.

Teglar
- -