insurez
15-05-2025 12:33

Nurobodda notinch oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish borasida samarali ishlar olib borilmoqda


Joriy yilning 2025-yil birinchi yarmi davomida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Nurobod tuman bo‘linmasi tomonidan tumandagi xotin-qizlar bo‘limi va Mahallalar uyushmasi tuman bo‘limi bilan hamkorlikda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish yo‘nalishida bir qator samarali ishlar amalga oshirildi.

Mazkur hamkorlik doirasida tumandagi 39 ta mahallada muntazam ravishda ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, notinch va muammoli oilalar bilan ishlashning yangi mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi.

Muammoli oilalar soni kamaymoqda

Bugungi kunga kelib, tumanda 125 ta notinch va muammoli oila ro‘yxatga olingan bo‘lib, ushbu oilalar bilan mahalla kesimida tushuntirish va ma’naviy-psixologik yordam berish ishlari tashkil etilgan. 2024-yilda ajrim yoqasidagi oilalar soni 78 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda ushbu ko‘rsatkich 47 nafarga tushirilgani, olib borilayotgan ishlarning samaradorligidan dalolat beradi.

Jinoyatchilik 35% ga kamaydi

Shuningdek, yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasidagi jinoyatchilik holatlari ham o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 35% ga kamaydi. Bu esa yoshlarda ma’naviy immunitetni kuchaytirish, xotin-qizlarga mehr va e’tibor ko‘rsatish orqali yuksak natijalarga erishish mumkinligini isbotlamoqda.

Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar

Aholi o‘rtasida “Jaholatga qarshi – ma’rifat”, “Biz radikalizmga qarshimiz” kabi mavzularda targ‘ibot tadbirlari uyushtirilib, ularning ongida milliy qadriyatlar, oilaviy mehr-oqibat va tinchlikning ahamiyatini singdirishga qaratilgan ma’ruzalar o‘qildi.

Kelgusidagi rejalar

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Nurobod tuman bo‘linmasi bundan buyon ham hamkor tashkilotlar bilan birgalikda notinch va muammoli oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarini davom ettirishni rejalashtirmoqda.

Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan “Notinch va muammoli oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish borasida ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Nurobod tuman bo‘limi rahbari To‘lqin Xushmuratov ishtirok etib, sohada erishilgan yutuqlar va istiqboldagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Teglar
- -