Nurobodda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari saylovi yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
Nurobod tumanida joriy yilning 1-mayidan 26-mayigacha davom etgan mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari saylovi yakunlandi.
Bugun tuman hokimligida saylov jarayonlarining natijalarini muhokama qilish, mavjud yutuq va kamchiliklarni tahlil qilish va saylangan raislar oldiga kelgusi vazifalarni belgilab berish maqsadida yig‘ilish tashkil etildi.
Yig‘ilishda tuman hokimligi mas'ullari, ko‘maklashuvchi komissiya a’zolari, saylangan mahalla raislari, tuman kengashi deputatlari ishtirok etishdi.
Saylov yakunlariga ko‘ra, tumandagi 39 ta mahallalarga raislar saylanib, ularning 17 nafari birinchi marotaba, 22 nafari esa qayta saylangan raislardir.
Saylangan raislarning 95 foizi oliy ma’lumotli bo‘lib, ularning mutaxassislik tarkibi turlicha: o‘qituvchilar – 20 nafar, muhandislar – 10 nafar, iqtisodchilar – 4 nafar, agronomlar – 1 nafar, boshqa soha vakillari – 4 nafarni tashkil etadi.
Yig‘ilish davomida saylov jarayonida faol ishtirok etgan ishchi guruh rahbarlari, komissiya a’zolari va fuqarolar faoliyati yuqori baholandi. Shu bilan birga, yangi saylangan raislar oldiga mahalla boshqaruvida ijtimoiy faollikni oshirish, yoshlar va fuqarolar bilan ishlash, oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik muhitini rivojlantirish kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi.