insurez
14-12-2024 10:28

Nurobodda ikkita quyosh fotoelektr stansiyalari qurilishi boshland


Xabar qilganimizdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida energetika sohasida yangi quvvatlarni ishga tushirish va navbatdagi loyihalar qurilishiga start berish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Videokonferensaloqa tarzida tashkil etilgan tadbirda viloyatimizning Nurobod tumanida umumiy quvvati 1000 megavatt bo‘lgan ikkita quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishiga ruxsat berildi.

Aholini va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirish maqsadida Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi investitsiyasi asosida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha Nurobod tumanining Sazag‘on va Olg‘a massivlari hududida tashkil etilmoqda.

– Loyiha uchun qariyb 3 ming gektar yer maydoni ajratilmoqda, – deydi “ACWA Power” kompaniyasi vakili Shamshod Shukurov. – 1 milliard 807 million AQSh dollarilik loyiha quvvati 1000 megavatt (1 gegavatt) bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi, 700 kilometr elektr havo uzatish tarmoqlari va 1000 megavatt elektr energiyasini saqlash tizimi qurilishini o‘z ichiga oladi. Quyosh fotoelektr stansiyasining bittasi Sazag‘onda (100 megavatt), ikkinchisi esa Olg‘ada (900 megavatt) quriladi. Loyihani amalga oshirish uchun 2023 yil 19 aprelda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “ACWA Power” kompaniyasi bilan investitsiya bitimi, ishlab chiqariladigan elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati bilan bitim imzolangan. Shu asosida 2023 yil 4 iyul kuni davlatimiz rahbarining ikkita qarori qabul qilingan.

Ob’yektlarni loyihalash va qurilish-montaj ishlari Hindistonning Larsen&Toubro va mahalliy kompaniyalar tomonidan amalga oshiriladi. Qurilish davrida 600-700 tagacha, ob’yektlar to‘liq ishga tushgandan so‘ng 30 ta doimiy ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

– Bu kompaniyaning O‘zbekistondagi birinchi ishi hisoblanadi, – deydi Larsen&Toubro kompaniyasi vakili Konstantin Dugin. – Loyihaning nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyodagi eng yirik loyihalardan biri ekanligini e’tiborga olib, juda katta mas’uliyatni his qilgan holda ish boshlayapmiz. Qurilish va stansiyalarni tarmoqqa ulash ishlari 2,5 yil davom etishi ko‘zda tutilgan. Biz bu davr ichida loyihada belgilangan barcha yumushlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishni maqsad qilganmiz.

Ma’lumotlarga ko‘ra, loyihaning dastlabki quvvatlari 2026 yil yakuniga qadar tarmoqqa ulanib, 2027 yil to‘rtinchi choragida to‘liq ishga tushiriladi. Buning natijasida 2340 million kVt soat yoki 975 ming xonadonning bir yillik iste’moliga teng “yashil” energiya ishlab chiqariladi. 709 million metr kub tabiiy gazni tejash va 983 ming tonna zararli moddalarning atmosferaga chiqarilishining oldi olinadi.

Teglar
- -