Nurobodda DTMM rahbarlari uchun amaliy seminar tashkil etildi
Nurobod tumanidagi 2-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan rahbar va mutaxassislar uchun amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda tuman hokimligi, tumandagi barcha DMTT rahbarlari hamda soha xodimlari ishtirok etdilar.
Mazkur seminarning asosiy maqsadi — tarbiyalanuvchilarning har tomonlama kamol topishida muhim o‘rin tutuvchi tarbiyachi-pedagoglarning kasbiy malakasini oshirish, bolalarga individual va to‘g‘ri psixologik yondashuv asosida munosabat bildirishga oid ko‘nikmalarni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida 2-son DMTT jamoasi tomonidan tayyorlangan tarbiyaviy spektakllar va sahna ko‘rinishlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Seminar yakunida ishtirokchilar tajriba almashish, savol-javob shaklida fikr-mulohazalar bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.