insurez
26-02-2026 15:22

Nurobod tumanining Sahoba mahallasida daromadli ekinlar yetishtirish bo‘yicha yangi yondashuv


Nurobod tumanining eng olis va cho‘l hududi — Sahoba mahallasida tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha yangi, daromadli yo‘nalish boshlangan. Aholi an’anaviy poliz va sabzavot ekinlari bilan birga, bozor talabi yuqori bo‘lgan dorivor va sanoatbop o‘simliklardan biri — kavrakni tomorqalarda yetishtirishni yo‘lga qo‘ymoqda.

Bugungi kunda mahallada istiqomat qiluvchi Mashrab Eliboyev o‘z tomorqasida 10 ming tup kavrak ko‘chatini ekib, ushbu o‘simlikdan kelgusida barqaror daromad olishni maqsad qilgan. Mazkur tashabbus nafaqat bir xonadon manfaatiga, balki mahallada tomorqa xo‘jaligini iqtisodiy jihatdan mustahkamlash, aholi bandligi va daromadini oshirishga xizmat qiladigan amaliy qadam sifatida baholanmoqda.

Nurobod tumani hokimi M.Buranov kavrak ekilayotgan xonadonda bo‘lib, yaratilayotgan tajriba bilan yaqindan tanishdi. Uchrashuv davomida tumanda tomorqadan unumli foydalanish masalasi ustuvor ekanligi, kavrak esa jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan daromadli mahsulot sifatida e’tirof etilib, uni yetishtirish orqali mo‘may daromad topish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi. 

Shuningdek, kavrak kabi eksportbop va qiymati yuqori mahsulotlar mahalliy xonadonlar uchun ham iqtisodiy manfaat, ham kelgusida bozor zanjiriga ulanish nuqtai nazaridan muhim ekani qayd etildi.

Ushbu tashabbus Sahoba mahallasi uchun tomorqadan foydalanish madaniyatini yangi bosqichga olib chiqishi, aholining daromad manbalarini oshirishi hamda chekka hududlarda real iqtisodiy imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda. 

Eng muhimi, bir xonadon tajribasi mahalla bo‘ylab yoyilsa, bu yo‘nalish mahalliy bandlikni mustahkamlash, oilaviy daromadni oshirish va hudud salohiyatini iqtisodiy jihatdan o'sishiga amaliy turtki bo‘ladi.

Teglar
- -