Nurobod tumanining chekka mahallalarida ziyo maskanlari ochildi
Nurobod tumanining olis hududlari — O‘rtabo‘z hamda Ag‘ron mahallalarida yangi “Mahalla kutubxonalari” o‘z faoliyatini boshladi. Ushbu tashabbus yoshlar va kitobsevarlar hayotida katta voqea bo‘lib, barchani quvontirdi.
Yurtimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Ayniqsa, chekka hududlarda istiqomat qiluvchi yoshlar uchun kitobga yetarli sharoit yaratib berish — ularning kelajagi, ma’naviy dunyosi uchun muhim qadamdir.
Endilikda O‘rtabo‘z va Ag‘ron yoshlari o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalaridan bahramand bo‘lish, ilmiy-ommabop kitoblarni o‘qish, mustaqil izlanish olib borish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Kutubxonalar nafaqat bilim maskani, balki yoshlarning do‘stona muloqot qiladigan, ijodiy fikr almashadigan, tafakkurni boyitadigan maskanga aylanadi.
Kitob inson tafakkurini kengaytiradi, qalbini yuksaltiradi.
Mahalla kutubxonalarining ochilishi esa yoshlarni bilim olishga undash, ularni sog‘lom dunyoqarashli, ma’rifatli insonlar qilib tarbiyalashda katta ahamiyat kasb etadi.
Ushbu tashabbus bilan Nurobodning chekka qishloqlariga ham ma’rifat nuri yoyildi. Endi bu kutubxonalarda yigit-qizlar nafaqat kitob mutolaasi, balki turli adabiy uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar orqali o‘zlarini har tomonlama rivojlantirish imkoniga ega bo‘ladilar.