Nurobod tumanida “Zakovat Quiz” intellektual musobaqasi bo‘lib o‘tdi
Nurobod tumani hokimligi tashabbusi bilan buyuk allomalarimiz — Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kunlariga bag‘ishlab “Zakovat Quiz” intellektual musobaqasi o‘tkazildi.
Tadbirning asosiy maqsadi yoshlar va mehnat jamoalari o‘rtasida kitobxonlik va ilmga qiziqishni kuchaytirish, milliy-ma’naviy merosimiz targ‘ibotini kengaytirish hamda jamoalarda intellektual muhitni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Musobaqada Nurobod tumani hokimligi, NKMK jamg‘armasi Davlat muassasasi Nurobod hududiy boshqarmasi, Navoiy Uran Davlat korxonasi Nurobod ishlab chiqarish maydoni (Sobirsoy koni), Navoiy mashinasozlik zavodi Nurobod ta’mirlash mexanika zavodi, NKMK AJ Janubiy kon boshqarmasi, shuningdek tumandagi 10 dan ortiq korxona va tashkilotlar jamoalari faol ishtirok etishdi.
Bellashuvlar bir necha tur va shartlar asosida tashkil etilib, unda ishtirokchilar mantiq va tezkor fikrlashga doir savollarga jamoa bo‘lib javob qaytardilar. Bahslar davomida har bir jamoa bilim va salohiyatini namoyon etib, murosasiz raqobat, yuqori faollik hamda jamoaviy hamkorlik ruhi musobaqaga alohida shukuh bag‘ishladi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra:
🥇 1-o‘rin — NKMK jamg‘armasi Davlat muassasasi Nurobod hududiy boshqarmasining “Avitsenna” jamoasi;
🥈 2-o‘rin — 2-maktab jamoasi;
🥉 3-o‘rin — 3-maktab jamoasi qo‘lga kiritdi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlanib, ularga esdalik sovg‘alari hamda rag‘batlantiruvchi mukofotlar topshirildi.
Shuningdek, musobaqada faol ishtirok etgan jamoalarga minnatdorlik bildirilib, bunday intellektual tadbirlar yoshlar qiziqishlarini ro‘yobga chiqarish, bilimli kadrlar shakllanishi va jamoalarda sog‘lom raqobat muhitini kuchaytirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Mazkur “Zakovat Quiz” musobaqasi Nurobod tumanida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada jonlantirish, yoshlarni ilm-fan va kitobxonlikka jalb etish yo‘lida muhim tashabbuslardan biridir.




