insurez
10-04-2025 11:49

Nurobod tumanida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda


Nurobod tumanida aholi uchun qulay va xavfsiz yo‘l infratuzilmasini yaratish maqsadida muntazam ravishda ta’mirlash va yangilash ishlari olib borilmoqda. Mazkur yo‘nalishda davlat va mahalliy ahamiyatga ega avtomobil yo‘llarini ta’mirlash hamda ularni zamonaviy talablar darajasiga keltirish yuzasidan bir qator dasturlar amalga oshirilmoqda.

Tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi tasarrufidagi D071 (4R-52) “A-378 avtomobil yo‘li — Sarikul — Nurobod — Sepki — Qarnab — Navoiy” yo‘lining 39–40-kilometr oralig‘ida 1 kilometr qismini asfaltobeton qoplama bilan ta’minlash ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytda yo‘lning asos qismini tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, “Tabiiy ofat” dasturi doirasida ushbu yo‘lning 40–50-kilometr oralig‘ini ta’mirlash uchun davlat byudjetidan 6 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Mahalliy ahamiyatdagi yo‘llarda ham katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan:

  • 30V134 (4N-553) “Shurcha — Nurdum — Jarquduq” yo‘lining 3–5-kilometr oralig‘ida 1,4 kilometr asfaltobeton qoplama yotqizildi.

  • 30V053 (4K-546) “Nurbuloq — Boshquduq — Ulus” yo‘lining 4–6-kilometr oralig‘ida esa 1,1 kilometr asfaltobeton qoplama ishlari bajarildi.

Shuningdek, yo‘l infratuzilmasining muhim elementlaridan biri bo‘lgan yo‘l o‘tkazgichlar va gallereyalar qurilishi ham amalga oshirilmoqda. Xususan, 30V134 (4N-553) va 30V216 “Nurobod — O‘rtabuz — Mehr — Olga” avtomobil yo‘llarining 22-, 25–26-kilometr qismida jami 2 dona yangi gallereya qurilib, foydalanishga topshirildi.

Mazkur ishlar tumandagi avtomobil qatnovi xavfsizligini ta’minlash, transport oqimini yengillashtirish, aholining hayot sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Olib borilayotgan ta’mirlash va qurilish ishlari yuzasidan keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida “Tumanda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash borasidagi vazifalar ijrosi to‘g‘risida” mavzusida brifing o‘tkazildi. Unda Nurobod tuman yo‘llardan foydalanish bo‘limi boshlig‘i Ma’ruf Raimshukurov ishtirok etib, bajarilgan ishlar, rejalashtirilayotgan loyihalar va kelgusidagi vazifalar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Mazkur yo‘nalishdagi ishlar kelgusi yillarda ham davom ettirilib, tumanning barcha hududlarida sifatli va zamonaviy yo‘l infratuzilmasini yaratishga xizmat qiladi.

Teglar
- -