insurez
17-06-2025 18:39

Nurobod tumanida yer qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan brifing o‘tkazildi


Bugun Kadastr agentligi Nurobod tuman bo‘limi boshlig‘i Jo'shqin Iskandarov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hududida yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik, yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish va noqonuniy qurilishlar holatlarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Brifingda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-sentyabrdagi va 2021-yil 8-iyundagi farmon hamda qarorlariga asosan, so‘nggi yillarda yer munosabatlari va kadastr tizimini takomillashtirish bo‘yicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi.

Jamshid Iskandarovning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida tuman bo‘limiga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan 37 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 20 tasi ijobiy hal etilgan, 17 tasi huquqiy tushuntirish orqali yechim topgan.

Shuningdek, tuman hududida 135 ta kadastr va qonunbuzilish holatlari yuzasidan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Ularning ichida:

  • 119 shaxsga ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan;

  • 3 ta holatda yer huquqlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik bo‘yicha bayonnoma tuzilgan;

  • 1 ta holatda yer kadastr qoidalarini buzish;

  • 27 ta holatda yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish va noqonuniy qurilish bo‘yicha 60-moddasi 2-qismiga;

  • 104 ta holatda esa 60-moddasi 3-qismiga asosan bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Qo‘llanilgan jarimalar miqdori jami 5 milliard 648 million 750 ming so‘mni tashkil etib, shundan 325 million so‘mi imtiyozli davr mobaynida undirilgan. Hali undirilmagan 103 million 125 ming so‘m miqdoridagi jarimalar esa majburiy ijro idoralariga yuborilib, hozirda ijro jarayonlari davom etmoqda.

O‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarga nisbatan ham choralar ko‘rilgan. Jumladan:

  • 20 ta holatda 2,8 gektar yer maydonlari ixtiyoriy ravishda bartaraf etilib, dastlabki holatiga qaytarilgan;

  • muddatida bartaraf etilmagan 111 ta holatda 32,5 gektar maydon bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilgan bo‘lib, shundan 85 tasi sud tomonidan qanoatlantirilgan, 26 tasi bo‘yicha sud jarayonlari davom etmoqda.

Brifing yakunida J.Iskandarov kadastr sohasidagi qonunbuzarliklarni barvaqt aniqlash, yer qonunchiligi ustidan nazoratni kuchaytirish va aholiga huquqiy tushuntirish ishlarini davom ettirish bo‘limning ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.

Teglar
- -