insurez
06-02-2026 17:54

Nurobod tumanida yer qa’ri uchastkalaridan foydalanuvchi korxonalar faoliyati tahlil qilindi


Bugun Nurobod tumani hokimligida tumanda joylashgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanuvchi 33 ta tadbirkorlik subyekti faoliyatini kompleks tahlil qilish, ularni to‘liq xatlovdan o‘tkazish hamda sohada mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan seminar-yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirning asosiy maqsadi — yer qa’ri resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash, past quvvatda faoliyat yuritayotgan korxonalarning qazib olish va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini oshirish, shuningdek, amaldagi litsenziya shartlariga qat’iy rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.

Yig‘ilish davomida qazib olinayotgan foydali qazilmalar hajmlarining hisobotlarda to‘g‘ri va shaffof aks ettirilishi, soliq va boshqa majburiy to‘lovlarning to‘liq undirilishi, ishlab chiqarish jarayonida texnologik va ekologik talablarga amal qilinishi masalalari atroflicha muhokama qilindi. Bu borada ayrim korxonalar faoliyatida aniqlangan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq muddat va vazifalar belgilab berildi.

Seminar-yig‘ilishda Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish tartibi, litsenziya majburiyatlari hamda hisobot topshirish mexanizmlariga oid batafsil tushuntirishlar berildi. Shuningdek, Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha viloyat sho‘basi vakili tadbirkorlarning qonuniy huquqlari, davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarda ochiqlik va shaffoflik tamoyillari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Tadbirda tuman hokimligi mas’ullari, sohaga aloqador tashkilotlar mutasaddilari hamda tadbirkorlar ishtirok etib, ochiq muloqot tarzida fikr almashildi. Tadbirkorlar tomonidan bildirilgan taklif va muammolar mutasaddi idoralar tomonidan qayd etilib, ularni ijobiy hal etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rilishi ta’kidlandi.

Mazkur seminar-yig‘ilish yer qa’ri boyliklaridan foydalanishda tizimli nazoratni yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga xizmat qiluvchi tadbirkorlik muhitini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
 

Teglar
- -