Nurobod tumanida yaylovlardan samarali foydalanish bo‘yicha yangi tartiblar joriy etilmoqda
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligini jadal rivojlantirish, uning iqtisodiy samaradorligini oshirish klaster tizimi orqali amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, klaster tizimi tez orada agrar sohaning lokomotiviga aylanadi. Ayniqsa, paxtachilik va chorvachilik tarmoqlarining sanoatlashishi mamlakatimizning eksport salohiyatini oshiradi, xalqimizning turmush farovonligini yanada yuksaltiradi.
Nurobod tumanida ham ushbu yo‘nalishda izchil ishlar olib borilmoqda. Tumandagi 356 951 gektar yaylov maydonlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi “Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-15-son Farmoni asosida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkazildi.
Mazkur Farmonga binoan, yaylovlardan oqilona foydalanish va ularni samarali boshqarish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida hududiy yaylov xo‘jaliklari tashkil etildi.
Brifingda qayd etilganidek, Farmonning 5-bandiga muvofiq, yaylovlardan foydalanish tartibi belgilab berilgan. Unga ko‘ra:
Hududiy yaylov xo‘jaliklari yaylov yerlarini boshqarish va ulardan foydalanish, ijaraga berish sohasida o‘rmon xo‘jaliklari uchun belgilangan huquq va majburiyatlarga ega bo‘ladi;
Yaylovlar chorvachilik va boshqa xo‘jaliklar ehtiyojlari uchun Respublika komissiyasi qaroriga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berilishi mumkin;
Talabgorlar Farmon kuchga kirgan sanada yoki 2020-yil 1-sentabr holatiga ko‘ra mazkur yaylovdan foydalanish, egalik yoki ijara huquqiga ega bo‘lishi, shuningdek, undan uzoq yillar samarali foydalangan bo‘lishi va bu holat dalolatnoma bilan tasdiqlanishi zarur;
Yaylovlar jismoniy va yuridik shaxslarga «E-auksion» platformasi orqali yoki davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga berilishi mumkin.
Brifing yakunida ta’kidlandiki, ushbu yangi tartiblar yaylovlardan samarali foydalanish, chorvachilik mahsuldorligini oshirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va aholining daromadlarini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Tadbirda Nurobod tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Dilmurod Qorayev yaylov xo‘jaligi borasidagi ishlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berdi.