Nurobod tumanida yangi suv inshooti foydalanishga topshirildi
Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat natijasida mahallalar obodligi va fuqarolar turmush tarzi farovonligini ta'minlash borasida qator istiqbolli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, Nurobod tumanida amalga oshirilgan yana bir ezgu ish ortidan tumanning eng olis hududlaridan biri bo'lmish "Do'stlik" mahallasi fuqarolarining quvonchi cheksiz.
Bugun aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati nazorati ostida qurilishi boshlangan suv inshooti va 7 km uzunlikdagi ichimlik suvi tarmog'i tortish ishlari yakuniga yetkazilib, foydalanishga topshirildi.
Bugun yangi inshootning ochilishiga bag'ishlangan tadbirda ishtirok etgan tuman hokimi S.Berdiqulov mahalla ahlini qutlab, inshootning qurilishi aholining og'irini yengil, uzog'ini yaqin qilishini ta'kidlab o'tdi.
Qayd etish joizki, loyiha qiymati 1 mlrd so'mni tashkil etuvchi ushbu inshoot hududdagi 700 ga yaqin aholi va 4 ta ijtimoiy soha ob'ektlarini toza ichimlik suvi bilan uzluksiz ta'minlab beradi.