Nurobod tumanida xotin-qizlar faollari faoliyati o‘rganildi
2025-yil 16-aprel kuni Nurobod tumanining Ittifoq va Mash’al mahallalarida xotin-qizlar faollari faoliyatini o‘rganish, shuningdek, mahalladagi xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar bilan yaqindan tanishish maqsadida press-tur tashkil etildi. Tadbirda Nurobod tumani hokimining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Iroda Haqqulova ishtirok etdi.
Press-tur davomida Ittifoq mahallasida olib borilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi. Mahalladagi xotin-qizlar faollari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar asosida faoliyat yuritilayotgani, fuqarolarni qabul qilish jurnali muntazam yuritilayotgani, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bo‘yicha shakllantirilgan yig‘ma jildlar to‘liq va tizimli holda mavjudligi alohida ta’kidlandi.
Shundan so‘ng press-tur ishtirokchilari xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdilar. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-sentabrdagi “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 376-sonli qarori ijrosi doirasida Ittifoq mahallasida yashovchi Eshquvvatova Gulchiroy opa kasanachilik asosida faoliyat olib bormoqda. U o‘z faoliyati orqali nafaqat oila byudjeti daromadini oshirishga, balki yana ikki nafar ishsiz xotin-qizning bandligini ta’minlashga erishgan. Shuningdek, u tikuvchilik sirlarini o‘rganishga qiziqqan qizlarga amaliy saboqlar o‘tib kelmoqda.
Mahallada xotin-qizlarni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Xususan, hokim yordamchisi va bank agentlari hamkorligida:
-
"Oilaviy tadbirkorlik" dasturi doirasida 14 nafar xotin-qizga 125 million so‘m,
-
"Mahalla dasturi" asosida 7 nafar xotin-qizga,
-
"Biznesga birinchi qadam" dasturi orqali esa 5 nafar xotin-qizga jami 410 million so‘m imtiyozli kreditlar ajratilib, ularning o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishlariga ko‘mak berilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-iyundagi 402-sonli qarori asosida ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun oliy ta’lim muassasalariga tavsiyanoma olish tartibi doirasida 4 nafar xotin-qiz tomonidan hujjatlar topshirilib, ulardan 2 nafari ishchi guruh xulosasiga ko‘ra tavsiyanoma olish huquqiga ega bo‘lgan.
Mazkur press-tur davomida mahallalarda xotin-qizlar uchun yaratilgan sharoitlar, ularni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar keng jamoatchilikka tanishtirildi.