Nurobod tumanida voleybol bo‘yicha “Ichki ishlar vaziri” kubogi musobaqasining tuman bosqichi o‘tkazildi
Nurobod tumanida sportning voleybol turi bo‘yicha “Ichki ishlar vaziri” kubogi sport musobaqasining tuman birinchiligi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish hamda iqtidorli sportchilarni aniqlash maqsadida tashkil etildi.
Qizg‘in va murosasiz bahslar ostida kechgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra, o‘g‘il bolalar o‘rtasida 34-maktab jamoasi faxrli 1-o‘rinni, tuman sport maktabi jamoasi 2-o‘rinni, 15-maktab jamoasi esa 3-o‘rinni egalladi.
Qiz bolalar o‘rtasidagi bahslarda esa 2-maktab terma jamoasi 1-o‘rinni, 2-maktab jamoasi 2-o‘rinni, 34-maktab jamoasi esa 3-o‘ringa munosib deb topildi.
Musobaqaning tantanali taqdirlash marosimida Nurobod tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i S.Sharipov ishtirok etib, g‘olib va sovrindor jamoalarni erishilgan natijalar bilan tabrikladi.
Shuningdek, u jamoalarga viloyat bosqichida muvaffaqiyat tilab, musobaqa g‘oliblari va sovrindorlarini diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirladi.




