Nurobod tumanida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o'tkazildi
Bugun Nurobod tumani Nurbuloq mahallasida joylashgan "Abu Ali ibn Sino" sihatgohida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shaklida qabul tashkil etildi. Ushbu uchrashuvda tuman hokimi M.Buranov hamda Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi boshlig'i O.Azimov va viloyat prokuraturasi vakillari ishtirok etishdi.
Uchrashuvdan ko'zlangan asosiy maqsad – tadbirkorlik subyektlari, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning faoliyatida duch kelayotgan muammolar, taklif va tashabbuslarini to'g'ridan-to'g'ri tinglashdan iborat bo'ldi.
Shuningdek, hududdagi yosh tadbirkorlarning murojaatlari ham atroflicha tinglanib, ular o'z murojaatlarida mavjud moliyaviy va kredit resurslaridan foydalanish, yangi biznes loyihalarini moliyalashtirish, yer ajratish, infratuzilma masalalari, soliq va boshqa masalalar yuzasidan takliflarini ilgari surdi.
Markaziy bank vakillari tomonidan bank-moliya tizimidagi islohotlar, kichik biznes va tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlashga yo'naltirilgan imtiyozli kreditlar hamda moliyaviy xizmatlar bo'yicha tushuntirishlar berildi.
Tuman rahbari murojaatlarning har biri bo'yicha tegishli mutasaddilar va tashkilotlar rahbarlariga aniq topshiriqlar berdi, ayrim masalalar joyida hal etildi.
Bunday ochiq muloqotlar tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash va iqtisodiy faollikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.