insurez
17-06-2025 18:50

Nurobod tumanida sog‘liqni saqlash sohasidagi ishlar yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi


Bugun Nurobod tuman tibbiyot birlashmasida 2025-yilning o‘tgan 5 oyida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar bo‘yicha tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sirojiddin Xujamiyarov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Brifingda ta’kidlanishicha, ayni paytda tumanda 50 ta davolash-profilaktika muassasasi aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ular orasida 215 o‘rinli markaziy shifoxona, markaziy poliklinika, 3 ta hududiy bo‘lim, 3 ta oilaviy poliklinika, 14 ta oilaviy shifokorlik punktlari va ularning 28 ta filiallari mavjud.

O‘tgan 5 oy davomida “Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!” shiori ostida salomatlik oyligi tashkil etilib, eng olis hududlarda aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Umumiy hisobda 48 756 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ulardan 13 651 nafarida turli kasalliklar aniqlangan. Kasallik aniqlanganlarning 89,6 foizi ambulator, 10,3 foizi esa stasionar sharoitda davolanishi tavsiya etildi.

Ko‘riklarda “Sog‘lom avlod uchun” xayriya fondi ham ishtirok etib, aholi uchun 12 turdagi bepul dori vositalari tarqatildi.

Tibbiyot birlashmasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirildi:

  • Sepki oilaviy shifokorlik punkti uchun yangi zamonaviy bino qurilib foydalanishga topshirildi;

  • markaziy shifoxona fasadi va ichki yo‘llari to‘liq ta’mirlandi;

  • 30 o‘rinli reabilitatsiya bo‘limiga yangi bino barpo etildi;

  • tez tibbiy yordam bo‘limi uchun 1,5 mlrd so‘mlik loyiha asosida 2 qavatli bino qurilishi boshlandi;

  • 730 mln so‘mlik 391 turdagi tibbiy jihozlar xarid qilindi;

  • tug‘ruq majmuasiga “ISHONCH-2030” loyihasi doirasida 8 turdagi zamonaviy apparatlar, jumladan chala tug‘ilgan chaqaloqlarni saqlash uchun kuvez yetkazib berildi.

Shuningdek, markaziy shifoxonaga toza ichimlik suvi yetkazilib, suv minorasi ta’mirlandi. Jom hududiy bo‘limi va Dukur OSHP’larda mukammal ta’mirlash va qo‘shimcha bino qurish ishlari olib borildi. Kattaqo‘rg‘on shahridan keltirilgan tibbiy punkt esa Kurg‘oncha MFY hududiga o‘rnatildi.

Bundan tashqari, tuman tibbiyot birlashmasi balansidagi eski Damas rusumli avtomashina kapital ta’mirlanib, aholiga pullik xizmat ko‘rsatish uchun ishga tushirildi. Saudiya Arabistoni va Hindiston kompaniyalari bilan Sazog‘on va Xazarmali hududlarida qurilayotgan quyosh panellari loyihalari doirasida tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ham shartnoma imzolandi.

Brifingda istiqboldagi rejalar ham e’lon qilindi. Jumladan:

  • Qizilkuyosh va Sariko‘l OSHP’lariga yangi bino qurish;

  • markaziy shifoxona hududida 100 o‘rinli yangi tug‘ruq majmuasi barpo etish;

  • sobiq Nurdum va Kechkeldik QVP’larini OP sifatida tiklash;

  • “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi Tepaqo‘l hududida yangi OP tashkil qilish;

  • Sazog‘on, Jom va Tim hududiy bo‘limlariga OP maqomini berish rejalashtirilgan.

Brifing yakunida Sirojiddin Xujamiyarov amalga oshirilgan va rejalashtirilayotgan ishlar aholining sog‘lig‘ini muhofaza qilish va tibbiy xizmat sifati va qamrovini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Teglar
- -