insurez
13-06-2025 10:40

Nurobod tumanida “O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi


Nurobod tuman hokimligida Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Shavkat Xushbaqtov ishtirokida “O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida matbuot brifingi bo‘lib o‘tdi.

Unda tumandagi o‘quvchi-yoshlarning bilim olishi, ularning bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazishi, fan va kasb-hunar yo‘nalishlaridagi yutuqlar, shuningdek ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga oid ma’lumotlar berib o‘tildi.

Fan olimpiadalari bo‘yicha:
2024-yil noyabr-dekabr oylarida o‘tkazilgan 15 ta fandan Respublika fan olimpiadasining viloyat bosqichida 108 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Ulardan 2-, 13-, 65-maktab o‘quvchilari faxrli 2- va 3-o‘rinlarni egalladi.
2025-yilgi Asosiy fan olimpiadasining Respublika bosqichida esa 13-maktabdan Raimboyeva Bahora Ne’matovna va 65-maktabdan Abdumajidov Najot Zafarovich tojik tili va adabiyoti fanidan ishtirok etib, mos ravishda 7- va 15-o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.

Oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichlari:
2022–2023-o‘quv yili bitiruvchilarining 44,8% (877 nafar) oliy ta’limga kirgan bo‘lsa, 2023–2024-o‘quv yili bu ko‘rsatkich 47,4% (961 nafar)ga yetdi. O‘zbekiston OTMlariga kirganlar soni 498 nafardan 564 nafarga oshdi, bitiruvchilar o‘rtacha balli esa 72,8 ga yetdi. 2024–2025-yil yakunida ushbu ko‘rsatkichni 50% ga yetkazish rejalashtirilgan.

Kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘qitish:
2024–2025-o‘quv yilida 2-, 13-, 16-, 22-, 30-, 61-maktablarda o‘quvchilarga “Yosh dasturchi”, “Grafik muharriri”, “Tikuvchilik”, “WEB dizayner” yo‘nalishlarida kasbiy ta’lim yo‘lga qo‘yildi. Xonalar jihozlandi va tikuvchilik yo‘nalishi uchun zarur xom ashyo ajratildi.

Moddiy-texnik baza:
O‘tgan davrda tumandagi bir nechta maktablarda yangi qo‘shimcha binolar qurilib foydalanishga topshirildi, ta’mirlash va jihozlash ishlari amalga oshirildi, ichimlik suvi va qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan ta’minlash ishlari bajarildi. Jumladan:

  • 28-, 67-, 41-maktablarga qo‘shimcha binolar qurildi.

  • 36- va 69-maktablarda joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

  • 11 ta maktab va 6 ta MTTga qayta tiklanuvchi energiya manbalari o‘rnatildi.

Xulosa:
Shavkat Xushbaqtov ta’kidlaganidek, o‘quvchilarni ilmga, kasb-hunarga va sportga yo‘naltirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar izchil davom ettiriladi. Maktab va bog‘chalar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, pedagoglar malakasini oshirish va o‘quvchilar yutuqlarini rag‘batlantirish doimiy e’tiborda bo‘ladi.

Teglar
- -