insurez
25-12-2025 15:38

Nurobod tumanida murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha seminar o‘tkazildi


Nurobod tumanida fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlarining murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim o‘quv-seminar tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan mazkur tadbirda tumandagi korxona, tashkilot va muassasalarning mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Seminar davomida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlarni yagona onlayn murojaatlar platformasiga to‘g‘ri va to‘liq kiritish, ularni belgilangan tartibda ro‘yxatga olish hamda tizimli tahlil qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar murojaatlar bilan ishlashda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish, ularni ko‘rib chiqish muddatlarini aniq ta’minlash, shuningdek, fuqarolar bilan ochiq va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdilar.

Tadbirda onlayn platformadan foydalanish jarayonida uchrashi mumkin bo‘lgan muammolar, ularning sabablari va bartaraf etish mexanizmlari atroflicha muhokama qilinib, real misollar asosida tushuntirishlar berildi. Bu esa mas’ul xodimlarning murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javoblar oldilar. Ta’kidlanganidek, mazkur o‘quv tadbiri davlat organlari va tashkilotlarida murojaatlar bilan ishlash sifatini yanada oshirish, aholi hamda tadbirkorlik sub’yektlarining muammolarini o‘z vaqtida va samarali hal etishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.

Ushbu seminar davlat boshqaruvida ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash, fuqarolar ishonchini mustahkamlash hamda murojaatlar bilan ishlash tizimini zamon talablari asosida takomillashtirish yo‘lidagi izchil islohotlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Teglar
- -