Nurobod tumanida kitobxonlik va fidokorona mehnat viloyat miqyosida munosib e’tirof etildi
Mahalliy hokimliklarda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, xodimlarning ma’naviy saviyasini oshirish hamda mutolaa muhitini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Samarqand viloyati hokimligi tashabbusi bilan “Eng boy kutubxonaga ega mahalliy hokimlik” hamda “Eng yaxshi kitobxon xodim” yo‘nalishlari bo‘yicha viloyat miqyosida ko‘rik-tanlov tashkil etildi.
Mazkur ko‘rik-tanlov yakunlariga ko‘ra, Nurobod tumani hokimligi kutubxonasi “Eng boy kutubxonaga ega mahalliy hokimlik” yo‘nalishida faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritib, yuksak natija qayd etdi. Ushbu muvaffaqiyat tuman hokimligida kitobxonlik madaniyatiga qaratilayotgan alohida e’tibor va tizimli ishlarning amaliy samarasidir.
Shuningdek, mahalliy hokimlik xodimlari o‘rtasida kitob mutolaasini keng targ‘ib qilish, o‘qishga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda intellektual salohiyatni mustahkamlash maqsadida o‘tkazilgan “Eng yaxshi kitobxon xodim” yo‘nalishida Nurobod tumani hokimligi xodimi Ovg‘onov Oybek O‘tkir o‘g‘li faxrli 3-o‘rinni egalladi.
Shuningdek, 2025-yil davomida viloyatimizda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlash, aholi turmush darajasini yuksaltirish, hududlarni obodonlashtirish va davlat dasturlarini amalga oshirishdagi fidokorona mehnati, mas'uliyati va tashabbuskorligi uchun Nurobod tumani hokimining o'rinbosari Ibodullayev Mirjalol Beknazar o'g'li viloyat hokimining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.
Bugun tanlov g‘oliblari va sovrindorlari Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev tomonidan tashakkurnomalar hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alar bilan tantanali ravishda taqdirlandi.
Mazkur e’tiroflar Nurobod tumanida ma’naviyat, ma’rifat va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, hududlar infratuzilmasini rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarning yorqin natijasi bo‘lib, kelgusida bu boradagi sa’y-harakatlar yanada kuchaytirilishiga xizmat qiladi.




