Nurobod tumanida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida
Mamlakatimiz rahbariyati tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, Nurobod tumanida ham ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, aholining turmush darajasi va farovonligini oshirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. 2025 yilning yanvar–iyul oylarida erishilgan natijalar tumanda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yaqqol ko‘rsatmoqda.
Jumladan, hisobot davrida:
sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 384,2 mlrd. so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 110 foizni;
xizmatlar hajmi 471,5 mlrd. so‘mni, o‘sish sur’ati esa 112,3 foizni;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi 1050,3 mlrd. so‘mni, o‘sish ko‘rsatkichi 105,7 foizni;
qurilish ishlari hajmi 80,2 mlrd. so‘mni yoki 106,4 foizni tashkil etdi.
Eksport hajmi 7,8 mln. dollarga yetib, o‘tgan davrga nisbatan 4,3 barobarga, import hajmi esa 17,5 mln. dollarni tashkil etib, 4,6 barobarga oshdi.
Tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 325,2 mlrd. so‘mlik loyihalar rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 116,5 mlrd. so‘mi byudjet mablag‘lari, 208,6 mlrd. so‘mi bank kreditlari hisobidan moliyalashtirilmoqda. Bugungi kunga qadar 186,4 mlrd. so‘mlik mablag‘lar o‘zlashtirildi, qolgan loyihalar bo‘yicha ishlar bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda.
Shu bilan birga, Nurobod tumanida umumiy qiymati 472 mln. dollar bo‘lgan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining Sazag‘on massivida “NEW VISION INVESTMENT DEVELOPMENT” MCHJ xorijiy korxonasi tomonidan “Nurobod texnoparki” maxsus sanoat zonasi tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Ushbu texnopark doirasida 20 dan ortiq loyihalar amalga oshirilishi va 3000 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.
Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish hamda bandlikni ta’minlash masalalari tumanimizda ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda:
barcha mahallalarda 3325 ta oilaning ehtiyojlari xatlovdan o‘tkazilib, ulardan 558 tasi kambag‘allik reyestridan chiqarildi;
“Sayxunobod tajribasi” asosida 42,9 mlrd. so‘mlik 982 ta mikroloyiha amalga oshirildi va 1968 nafar fuqaromizning bandligi ta’minlandi;
oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 985 nafar fuqaroga 18,8 mlrd. so‘m, “Biznesga birinchi qadam” dasturi doirasida esa 267 nafar fuqaroga 3,3 mlrd. so‘m kredit mablag‘lari ajratildi.
Bugungi kunda tumanda mehnat resurslari 83 ming 99 nafarni, iqtisodiy faol aholi 65 ming 273 nafarni, band aholi 61 ming 220 nafarni, ishsizlar esa 4053 nafarni tashkil etmoqda. Ishtirok darajasi 6,2 foizni tashkil qilmoqda.
Yuqorida keltirilgan natijalar – tumanimizda olib borilayotgan islohotlar, aholi hayot darajasini oshirish va iqtisodiy o‘sishga erishish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning amaliy samarasi hisoblanadi. Oldimizda hali ko‘plab ustuvor vazifalar turibdi. Biz belgilangan barcha loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli yakunlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni yanada kengaytirish orqali Nurobod tumanini zamonaviy va farovon hududga aylantirishga intilamiz.
Ishonchim komilki, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli Nurobod tumani yaqin yillarda yurtimizning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan hududlaridan biriga aylanadi.
M.Buranov
Nurobod tumani hokimi