Nurobod tumanida ichki sug‘orish tarmoqlarini modernizatsiya qilish va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish ishlari davom etmoqda
2024–2025-yil kuz–qish mavsumida Nurobod tumanida klaster va fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish, suv resurslaridan samarali foydalanish va tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Matbuot anjumanida Nurobod tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Dilmurod Qorayev ishtirok etib, bu boradagi yutuqlar va kelgusidagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ichki sug‘orish tarmoqlari betonlashtirildi
Tuman hududida jami 144 km ichki sug‘orish ariqlari mavjud bo‘lib, ularning 2025-yil qish–bahor mavsumida 30 km qismi betonlashtirish rejasiga kiritilgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda ushbu 30 km (100%) ichki sug‘orish tarmoqlari to‘liq betonlashtirilib, suvning yo‘qolishini kamaytirish, samaradorligini oshirishga erishildi.
Suv tejovchi texnologiyalar keng joriy qilinmoqda
Tumanda 2025-yil davomida jami 890 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgan bo‘lib, bu quyidagi ko‘rinishda amalga oshirilmoqda:
-
300 gektar — tomchilatib sug‘orish (amalda 220 gektar, 73,3%);
-
150 gektar — yomg‘irlatib sug‘orish (amalda 105 gektar, 70%);
-
150 gektar — egiluvchan quvur orqali sug‘orish (amalda 150 gektar, 100%);
-
40 gektar — plyonka to‘shalgan holda;
-
250 gektar — lazerli tekislash (amalda 250 gektar, 100%).
Shuningdek, suv sarfini nazorat qilish maqsadida tumanda jami 47 ta aqlli suv o‘lchagich o‘rnatildi. Ulardan 22 tasi Amir Temur MMTP “Yangi yer” kanalida, 25 tasi esa “Qallamatepa” MMTP “R-1” kanaliga o‘rnatilgan.
Yakuniy so‘z
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, ichki sug‘orish tarmoqlarini zamonaviylashtirish va suv tejovchi texnologiyalarni kengaytirish orqali tumandagi qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish, hosildorlikni ko‘paytirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga erishilmoqda. Ushbu chora-tadbirlar kelgusida ham izchil davom ettiriladi.