Nurobod tumanida fermer va dehqon xo‘jaliklarining daromadini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar
2025-yilning dastlabki yarmida Nurobod tumanida qishloq xo‘jaligi sohasida samarali ishlar olib borildi. Tumanda sug‘oriladigan maydonlarda faoliyat yuritayotgan 92 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 2 010 gektar maydonda yetishtirilgan don hosili 5 195 tonnaga yetib, davlatga don topshirish bo‘yicha shartnomaviy reja 100,3% ga bajarildi. Bundan tashqari, 600 gektar maydonda paxta yetishtirish ishlari davom etmoqda. Ushbu yutuqlarning asosi sifatida yer maydonlariga yangicha yondashuv va agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishi ta’kidlanadi.
Bugungi kunda tuman bo‘ylab 1092 ta dehqon xo‘jaligi faoliyat yuritib, aholining dasturxonini turli xil noz-ne’matlar bilan boyitib kelmoqda. 2025-yilda tumanda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari tomonidan:
-
1 752 gektar sabzavot,
-
123 gektar poliz,
-
760 gektar kartoshka,
-
162 gektar dukkakli ekinlar,
-
209 gektar boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilib, hosil yig‘ib olinmoqda.
Shuningdek, dehqonlar tomonidan yetishtirilgan mahsulotlarni eksportga chiqarish maqsadida “Samfurut organik” MChJ bilan shartnomalar tuzilib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xarid qilinmoqda.
Tumanda ilg‘or dehqonlar ham o‘z ishbilarmonligi va tajribasi bilan boshqalarga namuna bo‘lib kelmoqda. Masalan:
-
“Pulatchi” MFYda 10 nafar fuqaro 2563-konturdagi 5 gektar maydonni “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida ijaraga olib, poliz ekinlari yetishtirdi.
-
“Xalqobod” MFYda yashovchi usta dehqon Berimurodov Turdiqul esa 1,5 gektar bog‘ qator oralig‘iga kartoshkaning serhosil, tezpishar navini ekib, har gektardan 200 sentner hosil yig‘ib oldi. Bo‘shagan yerga esa ikkinchi ekin sifatida dukkaklilar ekib, parvarishlamoqda.
Matbuot anjumani
Mazkur yutuqlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan “Nurobod tumanida fermer va dehqon xo‘jaliklarining daromadini ko‘paytirish borasida amalga oshirilgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirda tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Dilmurod Qorayev ishtirok etib, olib borilgan ishlar va yutuqlar haqida jurnalistlarga batafsil ma’lumot berdi.