Nurobod tumanida Eronlik qishloq xo‘jaligi sohasi investorlari bilan muzokaralar o‘tkazildi
Bugun Nurobod tumani hokimi Maxsud Buranov Eron Islom Respublikasidan tashrif buyurgan qishloq xo‘jaligi sohasi investorlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur uchrashuv tuman hududida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, xususan, yuqori daromad keltiruvchi ekin turlarini yetishtirish orqali investitsion muhitni yanada yaxshilash maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuvda Nurobod tumanining tabiiy-iqlim sharoiti, yer resurslari va qishloq xo‘jaligi salohiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Tomonlar tomonidan pista yetishtirish yo‘nalishida pistazorlar barpo etish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy qilish, ko‘chat yetishtirish va parvarishlash masalalari muhokama qilindi.
Eronlik investorlar, xususan, ko‘p yillik tajribaga ega mutaxassislar tomonidan pista yetishtirishda qo‘llaniladigan ilg‘or texnologiyalar, suvni tejovchi sug‘orish usullari hamda mahsulotni qayta ishlash va eksport qilish imkoniyatlari bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuv doirasida investorlar tuman hududida joylashgan Saroyqo‘rg‘on o‘rmon xo‘jaligida yetishtirilayotgan pistazorlar bilan yaqindan tanishib, mavjud ekin maydonlari, ko‘chatlarning holati va hosildorlik ko‘rsatkichlarini o‘rganishdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar pistazorlar tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, investitsiya loyihalarini bosqichma-bosqich amalga oshirish, shuningdek kelgusida qo‘shma agroloyihalarni ishlab chiqish borasida o‘zaro kelishuvlarga erishdilar.
Mazkur uchrashuv tumanda qishloq xo‘jaligi sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.




