Nurobod tumanida deputatlar faoliyati yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi
Bugun Nurobod tuman hokimligida Xalq deputatlari Nurobod tumani Kengashi kotibiyati mudiri Baxrom Oblanov ishtirokida tumanda xalq deputatlari faoliyati, davlat dasturlari ijrosi va deputatlik nazorati borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi.
Brifingda qayd etilganidek, Nurobod tumanida 25 ta saylov okrugi mavjud bo‘lib, bugungi kunda 25 nafar xalq deputatlari tuman Kengashida faoliyat olib bormoqda. Yurtimizda qonunlarning ijrosi va davlat dasturlarining bajarilishida mahalliy Kengashlarning o‘rni va mas’uliyati ortib bormoqda.
Deputatlar mas’uliyati va nazorati
Tuman Kengashi tomonidan 70 banddan iborat “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib, har bir band bo‘yicha deputatlar mas’ul etib belgilangan. Deputatlarning asosiy vazifasi — hududlarda davlat dasturlarining o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishini nazorat qilish va yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlab, yuqori tashkilotlarga yetkazishdir.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 14-yanvardagi KQ-35-V-sonli qarori talablaridan kelib chiqib, Respublika darajasida hal etiladigan masalalar bo‘yicha deputatlar takliflarini viloyat Kengashi va Senatga yuborish mexanizmi ishlab chiqilgan.
Deputatlarning saylovchilar oldidagi hisoboti
2025-yil 17-fevraldagi qarorga muvofiq, tuman Kengashi deputatlari o‘z faoliyati yuzasidan saylovchilari oldida muntazam ravishda axborot berib bormoqda. Shu yilning o‘tgan 6 oyida deputatlar yetti marotaba sessiya o‘tkazib, jami 71 ta masala yuzasidan qarorlar qabul qilgan. Shundan:
29 ta hisobot,
5 ta axborot,
9 ta nazorat tahlili,
4 ta vakolat doirasidagi qarorlarni tasdiqlash,
7 ta hokim qarorlarini tasdiqlash,
17 ta boshqa masalalar ko‘rib chiqilgan.
Shuningdek, aholi murojaatlarini hal etish va hududlardagi muammolarni joyida bartaraf etish maqsadida 37 ta deputatlik so‘rovlari yuborilgan. Sayyor qabullar va uchrashuvlar reja asosida tashkil etilib, aholiga yaqinlik va ularning dardini eshitish tizimli yo‘lga qo‘yilgan.
Brifing yakunida Baxrom Oblanov deputatlar tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat va tashabbuslar Nurobod tumanini har tomonlama rivojlantirishga, davlat dasturlarining samarali ijrosini ta’minlashga qaratilganini ta’kidladi.