Nurobod tumanida davlat xizmatchilari uchun ekspress-trening mashg'ulotlari o'tkazildi
Bugun Nurobod tumani hokimligida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali mutasaddilari ishtirokida qisqa muddatli ekspress-trening mashg'ulotlari tashkil etildi.
Mazkur trening mashg'ulotlarida tuman hokimi M.Buranov, hokimlik apparati xodimlari, tumandagi tashkilot va korxonalar rahbarlari ishtirok etishdi.
Treningning asosiy maqsadi – rahbar xodimlarning shaxsiy va kasbiy salohiyatini yanada oshirish, zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalarini shakllantirish, ularda jamoa bilan samarali ishlash, stressni boshqarish kabi muhim jihatlar bo'yicha nazariy va amaliy bilimlarni mustahkamlashdan iborat bo'ldi.
Trening davomida ishtirokchilar rahbarlik madaniyati, mas’uliyatli qaror qabul qilish, kommunikativ salohiyatni rivojlantirish hamda innovatsion yondashuvlar asosida jamoani boshqarish mavzularida fikr almashdilar. Mashg'ulotlar interaktiv shaklda, ochiq muloqot, guruhiy muhokama va amaliy topshiriqlar asosida olib borildi.
Mazkur ekspress-trening davlat xizmatchilarining o'z ustida ishlashi, boshqaruv salohiyatini yanada kuchaytirish va ijtimoiy mas’uliyatni teran anglashiga xizmat qiluvchi muhim qadam bo'ldi.