Nurobod tumanida “Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi” o‘tkazildi
Nurobod tumani Tepaqul mahallasida joylashgan “Schelkovo Agrohim — Uzbekiston” MCHJ qo‘shma korxonasi hududida aholi bandligini ta’minlash, ishsizlikni qisqartirish hamda fuqarolarni doimiy ish bilan ta’minlashga qaratilgan “Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi” bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari X.Tuxtayev, Nurobod tumani hokimi M.Buranov, Migratsiya agentligi viloyat filiali rahbari L.Ibragimov, tuman prokurori J.Abdixakimov, tuman IIB boshlig‘i S.Sharipov, shuningdek, tumandagi barcha korxona va tashkilotlar rahbarlari, sanoat korxonalarining mas’ul vakillari hamda ko‘plab ishsiz fuqarolar va yoshlar ishtirok etishdi.
Mehnat yarmarkasi davomida ishtirokchi korxonalar tomonidan mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, mehnat sharoitlari, ish vaqti, oylik maosh miqdori hamda ishga qabul qilish tartiblari yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Ish izlayotgan fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita ish beruvchilardan javob olish imkoniga ega bo‘ldilar.
Tadbir davomida har bir ish beruvchi o‘z faoliyat yo‘nalishiga mos, zarur kasbiy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan nomzodlarni tanlab, ularga tegishli yo‘llanmalar berdi. Natijada ko‘plab ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlanib, ularning doimiy ish bilan ta’minlanishiga muhim zamin yaratildi.
Tadbir tashkilotchilari tomonidan ta’kidlanganidek, bunday mehnat yarmarkalarini tizimli ravishda o‘tkazish aholi daromadlarini oshirish, yoshlar va ishsiz fuqarolarni ish bilan ta’minlash, shuningdek, tuman hududida ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Kelgusida ham bu kabi tadbirlar izchil davom ettirilishi rejalashtirilgan.




