Nurobod tumanida aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan brifing o‘tkazildi
Bugun Nurobod tumanida hokim M. Buranov ishtirokida “Nurobod tumanida aholini kambag‘allikdan chiqarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi keng jamoatchilikka bu boradagi ishlar, reja va natijalar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-sentabrdagi PF-143-sonli farmoni — *“Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”*gi Farmoni ijrosi doirasida tumanimizda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yil boshida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida tumanda 3 084 ta kambag‘al oilada 15 mingdan ortiq aholi ro‘yxatga olingan bo‘lib, 2025-yil yakuniga qadar ularning 1 930 ta oilasidagi 8,8 ming nafarini kambag‘allikdan chiqarish rejalashtirilgan.
Shu maqsadda 585 ta kambag‘al oilaga viloyat tashkilotlaridan 39 nafar, tuman tashkilotlaridan 78 nafar rahbarlar biriktirilib, ular tomonidan homiylik yordamlari ko‘rsatib kelinmoqda.
Rejalarga ko‘ra:
-
831 nafar fuqaro tadbirkorlarning doimiy ish o‘rinlariga joylashtirish orqali;
-
660 nafar fuqaro tadbirkorlikka jalb qilish orqali;
-
55 nafar fuqaro drayver loyihalarni amalga oshirish orqali;
-
126 nafarga qishloq xo‘jaligi uchun yer ajratish orqali;
-
181 nafarga kasb-hunarga o‘qitib, bandligini ta’minlash orqali;
-
1 202 nafarga esa boshqa yo‘nalishlarda daromad manbai yaratish orqali kambag‘allikdan chiqarilishi ko‘zda tutilgan.
Natijada yil yakuniga qadar kambag‘allik darajasi tumanda 9,1 foizdan 6,7 foizga tushiriladi.
Shuningdek, Prezident tomonidan ilgari surilgan Sayxunobod, Zarbdor, Uychi va G‘ijduvon tajribalari asosida Nurobod tumanida ham yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadini oshirish, tomorqadan samarali foydalanish, mahallalarda drayver loyihalar ishlab chiqish va sanoatni rivojlantirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
2025-yil davomida Sayxunobod tajribasi asosida 39 ta mahallada 11,3 milliard so‘mlik jami 650 ta mikro-loyihalar amalga oshirilib, 1 303 ta ish o‘rni yaratildi.
Bundan tashqari, turli davlat dasturlari doirasida jami 36,8 milliard so‘mlik 1 378 ta kreditlar maqsadli yo‘naltirildi. Jumladan:
-
“Biznesga birinchi qadam” dasturi bo‘yicha — 231 ta loyiha uchun 5,9 mlrd so‘m;
-
“Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash” dasturi bo‘yicha — 39 ta loyiha uchun 3,5 mlrd so‘m;
-
“Oilaviy tadbirkorlik” dasturi bo‘yicha — 814 ta loyiha uchun 15,4 mlrd so‘m;
-
“Mahalla loyihasi” dasturi asosida — 294 ta loyiha uchun 12,1 mlrd so‘m ajratildi.
Shuningdek, aholi bandligini ta’minlash maqsadida Uychi tajribasi asosida yanvar–aprel oylarida bank mijozlari bilan 24 ta uchrashuv o‘tkazilib, natijada yana 135 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Brifing yakunida hokim M. Buranov ushbu ishlar izchil davom ettirilishini, kambag‘allikni qisqartirish va farovonlikni oshirish yo‘lidagi barcha imkoniyatlar safarbar etilishini ta’kidladi.