Nurobod tumanida aholini kambag‘allikdan chiqarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida
Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.
Shu maqsadda Nurobod tumanida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Avvalo, tumandagi barcha mahallalarda «yettilik» bilan hamkorlikda “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan 3325 ta oilaning xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojlari to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Xatlov yakunlariga ko‘ra, 558 ta oila kambag‘allik reyestridan chiqarildi. Bu o‘z-o‘zidan fuqarolarning daromad manbalari kengaygani va yashash sharoitlari yaxshilangani bilan izohlanadi.
“Sayxunobod tajribasi” asosida tumanda 42,9 mlrd so‘mlik 982 ta mikroloyiha amalga oshirildi. Ushbu tashabbus tufayli 1968 nafar fuqaroga barqaror ish o‘rinlari yaratildi. Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 985 nafar fuqaroga 18,8 mlrd so‘m miqdorida kreditlar ajratildi. “Biznesga birinchi qadam” dasturi orqali esa 267 nafar fuqaro 3,3 mlrd so‘mlik imtiyozli kreditlar olish imkoniga ega bo‘ldi.
Aholi bandligi masalasi ham doimiy e’tiborda. Joriy yilda tumanda mehnat resurslari 83 ming 99 nafarni, iqtisodiy faol aholi 65 ming 273 nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 61 ming 220 nafar fuqaro doimiy ish bilan band, 4053 nafar fuqaro ishsizlar safida qayd etilgan. Natijada tumanda ishsizlik darajasi 6,2 foizni tashkil qilmoqda.
Barcha amalga oshirilayotgan ishlarning bosh maqsadi – fuqarolarimizni kambag‘allikdan chiqarish, ularning barqaror daromad manbalarini yaratish va turmush darajasini yanada yuksaltirishdir. Bu boradagi chora-tadbirlar izchil davom ettiriladi va har bir mahalla kesimida muammolarning yechimi ta’minlanadi.
Nurobod tumanida erishilayotgan natijalar — davlatimiz siyosatining samarali ijrosi, xalqimizning tinimsiz mehnati va tashabbuskorligining yorqin ifodasidir.
M. Buranov
Nurobod tumani hokimi