Nurobod tumani prokurori J.Abdixakimovning profilaktik ogohlantiruv murojaati
Hurmatli tumandoshlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari!
Bugun sizlarga tumanimizdagi kriminogen vaziyat yuzasidan har oy yakuni bo‘yicha an’anaviy profilaktik ogohlantiruv murojaatimni yo‘llamoqdaman.
Mazkur murojaatdan ko‘zlangan asosiy maqsad — tumanimiz aholisini hududdagi kriminogen vaziyat haqida xabardor qilish, fuqarolarni turli jinoyatlardan ogoh etish hamda ularning jabrlanuvchiga aylanishining oldini olishga qaratilgan tushuntirish ishlarini olib borishdan iborat.
Shu munosabat bilan joriy yilning fevral oyi yakunlari bo‘yicha kriminogen vaziyat haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tmoqchiman.
2026 yilning o‘tgan davrida, ya’ni yanvar–fevral oylarida tuman hududida jami 64 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, shundan:
-
10 tasi tashabbus orqali aniqlanadigan jinoyatlar,
-
25 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar,
-
shundan 19 tasi mahallalarda sodir etilgan,
-
29 tasi esa axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan jinoyatlarni tashkil etadi.
Olib borilgan profilaktik chora-tadbirlar natijasida tumanimiz hududida qotillik, og‘ir tan jarohati yetkazish, nomusga tegish, oilaviy zo‘ravonlik va bosqinchilik kabi og‘ir turdagi jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yilning fevral oyida 39 ta mahalladan 8 tasida jinoyatlar kamaygan, 30 ta mahallada esa umuman jinoyat sodir etilmagan.
Afsuski, Mash’al mahallasi kriminogen vaziyat bo‘yicha “qizil” toifaga kiritildi.
2026 yilning fevral oyi davomida tuman hududida sodir etilgan 38 ta jinoyatning 17 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar bo‘lib, shundan 64,7 foizi (11 ta) o‘g‘irlik jinoyatlarini tashkil etgan.
Aziz tumandoshlar!
O‘g‘irlik jinoyatlarini tahlil qilganimizda, 2026 yilning ikki oyi davomida 16 ta o‘g‘irlik sodir etilgan bo‘lib, bu umumiy jinoyatlarning 25 foizini tashkil etadi.
Ular quyidagi mahallalarda qayd etilgan:
-
Mash’al mahallasida — 4 ta,
-
Oltinsoy, O‘rtabo‘z va Saroy mahallalarida — 2 tadan,
-
Ag‘ron, Xalqobod, Amir Temur, Omondara, Navro‘z va Chortut mahallalarida — 1 tadan.
Mazkur o‘g‘irliklarning:
-
3 tasi xonadonlarda,
-
10 tasi chorva hayvonlari o‘g‘irligi,
-
3 tasi korxona va tashkilotlarda sodir etilgan.
Shu sababli xonadonlaringiz va boshqa xususiy obyektlaringizda o‘g‘irlik jinoyatlari sodir etilishining oldini olish maqsadida ularni qo‘riqlash pultlariga topshirishingizni tavsiya qilaman.
Avtotransport vositalarida sodir etilayotgan o‘g‘irliklarning oldini olish uchun transport vositangizni ochiq holda qoldirmang, kalitini ichida qoldirmang hamda qimmatbaho buyumlarni saqlamang.
Kiberjinoyatlar haqida ogohlantirish
Alohida ta’kidlab o‘tish zarurki, so‘nggi paytlarda kiberjinoyatlar soni ortib bormoqda. Fuqarolarimizning e’tiborsizligi tufayli plastik karta raqamlari va maxfiy kodlarini begonalarga berib yuborish holatlari natijasida firibgarlar tomonidan pul mablag‘lari o‘zlashtirilmoqda.
Aziz fuqarolar!
Plastik kartangizga oid parollar, SMS kodlar yoki maxfiy ma’lumotlarni hech kimga aytmang. Bunday ma’lumotlarni faqat firibgarlar so‘raydi.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali “Sudga chaqiruv”, “MIB jarimasi”, “Sening suratlaring”, “APK ilova yuklab oling” kabi turli yolg‘on xabarlar orqali fuqarolarni aldash holatlari ko‘paymoqda.
Ba’zi shaxslar o‘zlarini Markaziy bank, davlat organlari yoki to‘lov tashkilotlari xodimi sifatida tanishtirib, fuqarolar ishonchiga kirib, bank kartalaridan pul mablag‘larini yechib olish yoki ularning nomiga kredit rasmiylashtirib olish holatlari ham uchramoqda.
Agar sizga notanish raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘lib, bank kartangiz yoki shaxsiy ma’lumotlaringiz so‘ralsa, darhol bankning rasmiy ishonch telefonlariga murojaat qilib, holatga aniqlik kiriting.
Yoshlar masalasi
Hozirgi kunda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlarga qaramay, ayrim yoshlar jinoyat yo‘liga kirib qolmoqda. Biroq jamoatchilik, mahalla faollari hamda nuroniy otaxon va onaxonlarimiz bilan hamkorlikda ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida tumanimizda yoshlar tomonidan atigi 1 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5 taga yoki 83,3 foizga kamayganini ko‘rsatadi.
Hurmatli ota-onalar!
Farzandlaringizga doimo e’tiborli bo‘ling, ularning vaqtini mazmunli o‘tkazishiga ko‘maklashing hamda turli salbiy holatlarning oldini olishda faol bo‘lishingizni so‘rab qolaman.
Aziz tumandoshlar!
Agar barchamiz birgalikda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashsak, tumanimizni, eng avvalo mahallalarimizni jinoyatdan xoli, tinch va xavfsiz hududga aylantirishimiz shubhasiz.
E’tiborlaringiz uchun rahmat!




