Nurobod tumani Ichki ishlar bo'limi boshlig'i S.Sharipovning tuman aholisiga MUROJAATI
Assalomu alaykum, hurmatli tumandoshlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari!
Barchamizga ma’lumki, bugungi kunda Davlatimiz rahbari tomonidan huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda hududlarda xavfsiz muhitni ta’minlash, fuqarolarning huquqiy ongini oshirish hamda jinoyatchilikning oldini olish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
2026 yilning fevral oyi davomida tuman hududida jami 27 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, shundan:
-
3 tasi tashabbus orqali aniqlangan jinoyatlar,
-
9 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar,
-
15 tasi esa axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan jinoyatlarni tashkil etadi.
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida tumanimizdagi 39 ta mahallaning 3 tasida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan jinoyatlar kamaygan, 36 tasida esa umuman jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Qayd etilgan 9 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarning 5 tasi yoki 55 foizi o‘g‘irlik jinoyatlarini tashkil etadi.
Ularning:
-
4 tasi chorva mollarini o‘g‘irlash,
-
1 tasi xonadon o‘g‘irligi bilan bog‘liq.
Mazkur o‘g‘irliklar mahallalar kesimida tahlil qilinganda:
-
Oltinsoy va Saroy mahallalarida — 2 tadan,
-
O‘rtabo‘z mahallasida — 1 ta holat sodir etilgan.
Aziz tumandoshlar!
Qayd etilgan o‘g‘irlik holatlarini o‘rganish jarayonida shuni ko‘rish mumkinki, ayrim fuqarolar tomonidan o‘z mulkiga yetarli e’tibor qaratilmayapti. Jumladan:
-
chorva mollari qarovsiz qoldirilishi,
-
og‘ilxonalar yashash joyidan uzoq joylashganligi,
-
og‘ilxonalarda eshik yoki qulflarning yo‘qligi,
-
chorva mollarining dalada nazoratsiz qoldirilishi kabi holatlar ko‘plab o‘g‘irlik jinoyatlarining sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda.
Xalqimizda bejizga “O‘z mulkingni o‘zing asra” degan hikmatli so‘z aytilmagan. Shu sababli barchamiz o‘z mol-mulkimizga e’tiborli bo‘lsak, bu kabi jinoyatlarning oldini olishga ham katta hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Firibgarlik va kiberjinoyatlar haqida
O‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, so‘nggi yillarda, ayniqsa oxirgi uch yil davomida firibgarlik jinoyatlari, ya’ni fuqarolarni aldov yo‘li bilan ularning mol-mulkiga egalik qilish holatlari ortib bormoqda.
Tumanimiz fuqarolaridan kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyati:
-
ijtimoiy tarmoqlar orqali buyum yoki yer sotib olish,
-
chet elga ishga yoki o‘qishga yuborish,
-
kredit olib berishni va’da qilish kabi holatlar bilan bog‘liq bo‘lib, ayrim fuqarolar pul mablag‘lari va hujjatlarini begona shaxslarga topshirib qo‘yishmoqda.
Shuningdek, olib borilayotgan targ‘ibot ishlariga qaramasdan kiberjinoyatlar ham ko‘payib bormoqda. Fuqarolarimizning e’tiborsizligi sababli plastik karta ma’lumotlari va maxfiy kodlarini begonalarga berib yuborish oqibatida firibgarlar tuzog‘iga tushib qolish holatlari uchramoqda.
Aziz fuqarolar!
So‘nggi paytlarda internet orqali firibgarlik holatlari keskin ko‘paymoqda. Jinoyatchilar qalbaki havolalar, yolg‘on telefon qo‘ng‘iroqlari yoki messenjerlar orqali xabar yuborib, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga harakat qilmoqda.
Hech qanday holatda uchinchi shaxslarga:
— bank kartangiz ma’lumotlarini,
— SMS orqali kelgan tasdiqlash kodlarini,
— shaxsiy akkaunt va ilovalar parollarini bermang.
Shubhali havolalarga kirmang hamda noma’lum raqamlardan kelgan xabarlarga ishonmang. Hatto ular o‘zlarini bank yoki davlat organi xodimi sifatida tanishtirsa ham, tekshirmasdan ishonmang.
Unutmang: har qanday shubhali holat kiberjinoyatning boshlanishi bo‘lishi mumkin.
Agar siz internet orqali firibgarlikka duch kelsangiz yoki shubhali holatni sezsangiz, darhol ichki ishlar organlariga murojaat qiling. Sizning hushyorligingiz — kiberjinoyatlarga qarshi eng ishonchli himoyadir.
Yo‘l harakati xavfsizligi haqida
Shuningdek, ayrim fuqarolar tomonidan spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda transport vositalarini boshqarish, haydovchilar tomonidan aholi yashash hududlarida tezlikni oshirib harakatlanish kabi holatlar ham salbiy oqibatlarga olib kelmoqda.
Eng achinarlisi, bunday holatlar ko‘pincha insonlarning hayotdan ko‘z yumishi bilan yakunlanmoqda.
Joriy yilning favral oyi davomida tuman hududida 4 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ulardan 2 tasi o‘lim bilan yakunlangan.
Hurmatli tumandoshlar!
Agar barchamiz birgalikda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashsak, mahallalarimizda hushyorlikni kuchaytirsak, albatta tumanimizni jinoyatdan xoli, tinch va xavfsiz hududga aylantirishimiz mumkin.
E’tiborlaringiz uchun rahmat!




