Nurobod tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining MUROJAATI
Qadrli tumandoshlar!
Hurmatli dehqon va fermerlar, agrar soha xodimlari!
Joriy yilgi tabiat injiqliklariga qaramasdan mirishkor fermer va dehqonlarimiz tomonidan Respublika bo‘yicha 600 gektardan ortiq maydonlarda chigit qadab, mashaqqatli mehnatlari evaziga paxtadan mo‘l hosil yig‘ishtirib olish pallasida turishibdi.
Barchamiz yaxshi tushunamizki, hozirgi o‘ta murakkab iqlim sharoitida ko‘plab sinov va qiyinchiliklarga qaramasdan, yerdan mo‘l hosil yetishtirish – bu chinakam jasorat va matonat namunasidir.
Xalqimiz Sizdek mirishkor dehqon va fermerlar, mohir suvchi va irrigatorlar, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan mexanizator va agronomlar, jonkuyar olim va tadqiqotchilar, klaster xodimlari timsolida ana shunday fidoyi insonlarni ko‘radi va el-yurt dasturxonini to‘kin qilish yo‘lidagi sharafli va oliyjanob mehnatingizni yuksak qadrlaydi.
Zero shu muqaddas zaminda tavallud va tarbiya topgan, o‘zini aynan shu yurt farzandi deb bilguvchi har bir inson o‘z davlati, xalqi oldidagi, uni umidlar bilan tarbiyalagan, voyaga yetkazgan jamiyat oldidagi burchini ado etishi shart va lozimdir.
Himmati baland mirishkor fermerlar!
Avgust oyida bajariladigan agrotexnik tadbirlarning ahamiyati paxta hosildorligini oshirishda nihoyatda muhimdir. Negaki hosilning kelgusida sifatli va mo‘l bo‘lishi ayni shu oydagi mehnat natijasi bilan o‘lchanadi. G‘o‘za agrotexnikasi talablarga muvofiq bajarilsa, g‘o‘za rivoji tezlashib, ko‘saklarga ko‘sak qo‘shiladi, erta pishib yetiladi va hosilga baraka kiradi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, paxtadan yuqori hosil olish uchun avgust oyining ikkinchi 15 kunligida siz fermerlar tomonidan agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish zarur bo‘layotganligini yurakdan his etib, quyidagi tadbirlarni har qachongidan ham mas’uliyat bilan yondashib amalga oshirishingizni so‘raymiz:
birinchidan, barcha dehqonlarning o‘rni dalada bo‘lishi, ayniqsa suvchi, mexanizator, entomologlar o‘z ishiga o‘ta jiddiy yondashmog‘i darkor;
ikkinchidan, g‘o‘zani yana bir marta sharbat usulida qondirib sug‘orish, buning uchun suvchilarga zaruriy barcha shart-sharoitlar yaratib, tungi sug‘orishni yo‘lga qo‘ying;
uchinchidan, zararkunanda hasharotlar – ko‘sak qurti, o‘rgimchakkana, beda qandalasi, qora shira xurujidan himoya choralarini kuchaytiring, uyg‘unlashgan kurash choralarini qo‘llang;
to‘rtinchidan, avgustda bajariladigan yumushlarning yana bir nozik jihati shundaki, bu paytga kelib, g‘o‘za qator oralarida sho‘ra, ituzum, qo‘ypechak, g‘umay, suv o‘ti kabi begona o‘tlar ham zo‘r berib o‘sadi.
Gʻo‘zadan baland bo‘lib, hasharotlarni o‘ziga jalb etish bilan birga, turli zararli mikroorganizmlarni ko‘paytirib, pastki yarusdagi ko‘saklarni chirishiga, makrosparioz va boshqa chirish kasalliklari ko‘payishiga olib keladi hamda g‘o‘zaga berilgan o‘g‘itni asosiy qismini o‘zlashtiradi.
Shu sababli har bir dala yana bir marta ko‘zdan kechirilib, begona o‘tlarni suvdan keyin qo‘lda yulib olinishi va barcha paykallar begona o‘tlardan tozalanishiga jiddiy e’tibor qarating.
beshinchidan, rivoji kechroq bo‘lgan g‘o‘za dalalarida chilpish ishlarini yakuniga yetkazing;
oltinchidan, biologik stimulyatorlar bilan qo‘shimcha ishlov bering, g‘o‘za rivoji kechki bo‘lgan dalalarda ham paxtani erta pishib yetilishiga va hosili barakali bo‘lishiga erishing;
yettinchidan, avgust oyida g‘o‘za qator oralari tutashib-birlashib ketmagan dalalarda 1–2 marta mayin kultivatsiya qiling. Lekin qator orasida kultivatsiyani shunday o‘tkazingki, bunda g‘o‘za tuplariga ziyon yetmasin, ko‘saklar to‘kilmasin hamda g‘o‘za poyalari payhon bo‘lmasin. Shuning uchun, kultivatorlarni ishchi organlarini “Baliq sirti” shaklida o‘rang;
sakkizinchidan, ko‘chat soni qalin bo‘lgan, o‘sib ketgan va g‘ovlagan g‘o‘za pastki ko‘saklarining chirishini oldini olish uchun varaqalash ishlarini amalga oshiring;
to‘qqizinchidan, har bir fermer xo‘jaligi rahbari paxtachilik klaster korxonalari bilan hamkorlikdagi ishlar sur’atini yanada jadallashtirgan holda paxta hosilini o‘tgan yilgidan 4-5 sentnerga oshirib, yuqori daromad olishga erishishi lozim.
Paxtachilikdagi bunday yuqori natijalar, avvalo, dehqon va fermerlar, paxta klasterlari hamda soha fidoiylari tomonidan tun-u kun qilingan mashaqqatli mehnati hamda puxta o‘ylangan islohotlar va ilmiy yondashuvlarning munosib samarasi demakdir.
Xabaringiz bor, keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda asosiy e’tibor suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni faol joriy etish, xo‘jalik va korxonalarning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, eng muhimi, dehqon va fermerlarning og‘irini yengil qilishga qaratilmoqda.
Hurmatli klaster korxonalari rahbarlari!
Sizlarning e’tirofga arzigulik darajadagi biznes rejalaringiz asosida, bir necha yillar faqat xomashyo sifatida sotilgan tolalarimiz, bugungi kunda qayta ishlanib, tayyor mahsulot bo‘lib, milliy iqtisodiyotimiz o‘sishiga va eksport salohiyatimiz mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.
Albatta, Sizlarning rejalaringizning rivoj omili ham yetishtirilgan hosilni o‘z vaqtida sifatli yig‘ib olinishiga bog‘liqdir. Shuning uchun quyidagi tadbirlarni og‘ishmay amalga oshiring:
birinchidan, paxta qabul qilish maskanlarini fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan paxta xomashyosini qabul qilish masumiga munosib tayyorlang;
ikkinchidan, fermer xo‘jaliklari bilan birgalikda paxtani yig‘ib-terib olish uchun ko‘ngilli terimchilarga shart - sharoitlar yarating.
Hurmatli fermer va dehqonlar!
Barcha imkoniyatlarni ishga solib, mashaqqatli mehnat evaziga yetishtirilgan hosilingizni nes-nobud qilmasdan, yig‘ib-terib olishda ishchilaringiz hamda ko‘ngilli terimchilarga yetarli shart-sharoitlar yarating.
2024-yil hosilini qisqa fursatlarda va sifatli yig‘ib olish ishlarini tashkillashtirishda butun mas’uliyat Sizning zimmangizda ekanligini unutmang!
Aziz fermer va dehqonlar!
Paxta yig‘im-terimi mavsumida shunday mehnat ko‘tarinkiligini tashkil qilaylikki, toki har bir O‘zbekistonlikman degan inson yuragida bobodehqon yelkasidagi yukni ko‘tarishga kamarbasta bo‘lish, el-yurt xizmatiga shaylik va dehqonlarning zafarlaridan faxrlanish uchun kurashish hissi jo‘sh ursin!
Barchangizni mazkur ezgu ishda munosib ishtirok etishga chorlab, iqtisodiyotimizni yuksaltirish, ona yurtimizning yanada obod bo‘lishi uchun munosib hissangizni qo‘shishga hamda 15 kun mobaynida paxta dalalariga yanada sifatli ishlov berishga va paxta yig‘im-terimi mavsumida faol qatnashishga da’vat etamiz!
Nurobod tumani fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi