insurez
30-08-2025 15:38

Nurobod tuman tibbiyot birlashmasi rahbari Abiyev Abdulla Yavkachovichning tuman aholisiga murojaatnomasi


Hurmatli Nurobodliklar, aziz yurtdoshlar!

Mamlakatimizda so'nggi yillarda Prezidentimiz boshchiligida hayotning barcha jabhalarida, jumladan, sog'liqni saqlash sohasida ham keng qamrovli va izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda inson salomatligi, aholi farovonligi va hayot sifatini oshirish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri etib belgilandi. Shuning uchun ham, tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan yangilanishlar, avvalo, siz aziz fuqarolarimizga yanada sifatli va zamonaviy xizmat ko‘rsatishga qaratilgan.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda tibbiyot tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, malakali kadrlar tayyorlash va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha ko‘plab samarali ishlar amalga oshirildi. Xususan:

Tibbiyot muassasalarida zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari joriy qilinmoqda;

Oilaviy shifokorlik markazlari va qishloq vrachlik punktlari qayta ta’mirlanib, ularning soni oshirildi;

Aholiga tez va qulay xizmat ko‘rsatish maqsadida elektron poliklinika va elektron shifoxona tizimlari ishga tushirilmoqda;

Majburiy tibbiy sug‘urta tizimi bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilmoqda;

Shoshilinch tibbiy yordam xizmati yangi avtotransport vositalari bilan ta’minlanib, qamrov hududi kengaytirildi;

Onkologiya, kardiologiya, jarrohlik, pediatriya va boshqa muhim yo‘nalishlarda zamonaviy standartlar joriy qilinmoqda.

Ayni paytda Nurobod tumanida ham ushbu islohotlarning samarasi sezilmoqda. Tumandagi barcha tibbiyot muassasalari bosqichma-bosqich ta’mirlanmoqda, yangi laboratoriya va diagnostika uskunalari o‘rnatilmoqda, shifokorlarimiz malaka oshirish kurslariga yuborilmoqda. Bundan tashqari, aholini yanada kengroq qamrab olish maqsadida mahallalarda profilaktika ishlari kuchaytirilib, kasalliklarning oldini olishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda shifokor va hamshira kasbi yuksak ishonch va mas’uliyat talab etadi. Tibbiyot xodimi bemorning faqat davolovchisi emas, balki uning ruhiy tayanchi, ishonchli maslahatgo‘yi hamdir. Shu bois biz barcha tibbiyot xodimlaridan o‘z vazifasiga vijdonan yondashish, bemorlar bilan odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda muomala qilishni talab qilamiz.

Har bir murojaat – bu biz uchun katta ishonchdir. Bizning vazifamiz esa ushbu ishonchni oqlash, sizning dardingizga malham bo‘lishdir.

Korrupsiyaga qarshi kurash – tibbiyot tizimidagi muhim vazifa

Hurmatli yurtdoshlar! Sizga ma’lumki, Prezidentimiz tashabbusi bilan korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Ayniqsa, bu masalada tibbiyot sohasi eng muhim va mas’uliyatli yo‘nalishlardan biri sifatida qaralmoqda. Chunki inson hayoti va salomatligi bilan bog‘liq xizmatlarda har qanday noqonuniy holat kechirilmasdir.

Afsuski, ba’zi hollarda ayrim tibbiyot xodimlari tomonidan ta’magirlik, noqonuniy pul talab qilish, yoki xizmat ko‘rsatishda loqaydlik kabi salbiy holatlar uchrab turibdi. Bunday xatti-harakatlar butun tibbiyot tizimining sha’niga dog‘ tushiradi, fuqarolarning ishonchini yo‘qqa chiqaradi.

Bizning qat’iy pozitsiyamiz shundan iboratki: har qanday korrupsiya holati qat’iyan rad etiladi va unga qarshi qonun doirasida keskin choralar ko‘riladi. Hech kimning sha’ni va obro‘sini puch manfaatlar yo‘lida qurbon qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Fuqarolardan murojaat qilish tartibi

Hurmatli tuman aholisi! Agar siz tibbiyot muassasalarida:

ta’magirlik;

noqonuniy to‘lov talab qilish;

xizmat sifati yuzasidan loqaydlik yoki adolatsizlik;

shuningdek, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatdan norozilikka duch kelsangiz,

albatta, quyidagi aloqa vositalariga murojaat qilishingizni so‘raymiz. Sizning murojaatlaringiz albatta ko‘rib chiqiladi va qonun doirasida tegishli choralar ko‘riladi.

📞 Telefon raqami: 99-0473-81-37
📲 Telegram: 90-213-53-80

 

Hurmatli yurtdoshlar! Tibbiyot sohasidagi islohotlarning pirovard maqsadi – sizning salomatligingizni muhofaza qilish, hayotingiz sifatini oshirishdir. Biz siz bilan hamkorlikda, tibbiyot tizimida halollik va shaffoflik muhitini mustahkamlashga erishamiz. Zero, xalq ishonchi – eng katta boylikdir.

Shuni unutmang: har bir murojaat biz uchun muhim va har bir fikr biz uchun yo‘l-yo‘riqdir. Birgalikda sog‘lom jamiyatni quramiz!

Hurmat bilan,
Nurobod tuman tibbiyot birlashmasi rahbari
Abiyev Abdulla Yavkachovich

Teglar
- -