Nurobod tuman hokimligida ijro intizomi masalalari muhokama qilindi
Bugun Nurobod tuman hokimligida ijro intizomi masalalariga bag‘ishlangan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishga tuman hokimining birinchi o‘rinbosari R.Ibragimov rahbarlik qildi.
Unda tuman hokimining o‘rinbosarlari, shuningdek, tuman hududidagi korxona va tashkilot rahbarlari ishtirok etishdi.
Majlis davomida tuman hokimining sayyor qabullarida fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaatlarning ijrosi, tuman hokimligi va tashkilotlarda ijro intizomi, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar hamda hujjatlar bilan ishlash tartibi batafsil tanqidiy muhokama qilindi.
Shuningdek, elektron hujjat aylanish tizimlaridan foydalanish holati tahlil etilib, mavjud kamchiliklar yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish yakunida R.Ibragimov barcha rahbarlardan ijro intizomini mustahkamlash, murojaatlar bilan ishlashda fuqarolarga e’tiborli bo‘lish, har bir masalaga mas’uliyat bilan yondashish zarurligini ta’kidladi.




