insurez
26-08-2024 17:18

Nurobod maktablari uchun yangi qo'shimcha o'quv binolari qurilmoqda


Nurobod tumanida o'quvchi-yoshlarning sifatli va zamonaviy ruhda, kerakli o'quv qurollari bilan jihozlangan xonalarda ta'lim olishlarini ta'minlash, ularga qo'shimcha qulaylik va imkoniyatlar yaratish maqsadida bir qator ezgu ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, tumandagi 10-umumta'lim maktabida o'quvchilar soni ko'pligini inobatga olgan holda hamda darslar samaradorligini oshirish maqsadida ushbu maktab uchun yangi qo'shimcha o'quv binosi qurish ishlari olib borilmoqda.

Bugun Nurobod tumani hokimi S.Berdiqulov ushbu yangi o'quv binosi qurilishi olib borilayotgan hududga tashrif buyurib, qurilish ishlari holatini ko'zdan kechirdi va qo'shimcha o'quv binosini sifatli va  belgilangan muddatlarda tugatish yuzasidan kerakli tavsiya va topshiriqlar berdi.

Ushbu qo'shimcha o'quv binosi qurib bitkazilishi uchun Respublika byudjeti hisobidan 1 mlrd 800 mln so'm mablag' ajratilgan bo'lib, bino kelgusida mahalladagi yana 240 nafar o'quvchi yoshlarning sifatli va uzluksiz taʼlim olishlari uchun xizmat qilishi rejalashtirilgan.

10-maktabning direktori Dilnoza Obilqosimova ham ushbu bunyodkorlik ishlaridan butun maktab jamoasi mamnunligini, xursandligini alohida ta'kidlab o'tdi.

"Albatta, qurilayotgan ushbu yangi o'quv binosi o'quvchilarimiz qatori biz o'qituvchi-pedagoglar uchun ham yurtimiz mustaqilligining 33 yillik shodiyonalari arafasida haqiqiy bayram tuhfasi boʻldi.

Bu esa bizni yanada masʼuliyatli bo'lishga, yurt kelajagi uchun munosib kadrlar yetishtirib berishdek ulkan sharafli maqsad yo'lida astoydil mehnat qilishga undaydi.

Zero ta'lim sohasidagi islohotlar avvalo, o‘quvchining kelajagi, o‘qituvchining o‘z ustida ishlashi uchun qaratilgan" — deydi maktab direktori D.Obilqosimova.
 

Teglar
- -