insurez
19-04-2025 21:17

Nurbuloqdagi bo‘sh yer endilikda sanoat markaziga aylanadi


Bugun Nurobod tumani hokimi M.Buranov Nurbuloq mahallasida bo‘lib, hududdagi bo'sh turgan 2,8 gektar lalmikor yer maydonida yaratilishi mo‘ljallangan sanoat markazi doirasidagi loyihalar bilan tanishdi.

Sanoat markazida qurilishi rejalashtirilgan zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, kichik biznes subyektlari va xizmat ko‘rsatish obyektlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Loyihalarda innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ekologik toza ishlab chiqarish tizimlarini shakllantirish, shuningdek, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash imkoniyatlari ko‘zda tutilgan.

Sanoat zonasi tarkibida yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, tikuv-trikotaj, qadoqlash va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha loyihalar ustuvorlik kasb etadi.

Sanoat zonasi doirasida tashkil etiladigan sanoat va ishlab chiqarish obyektlari soni 12 ta, yangi ish o'rinlari soni 60 ta bo'lib, mazkur ishlar joriy yil yakuniga qadar oxiriga yetkazilishi belgilangan.

Tuman hokimi mutasaddilarga loyihalarning sifatli va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini ta’minlash, bu jarayonga ko‘proq mahalliy yoshlar va ish izlayotgan fuqarolarni jalb etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi.

Mazkur sanoat markazi nafaqat hudud iqtisodiyotiga yangi sur’at bag‘ishlaydi, balki eng asosiysi — mahalliy aholi bandligini ta’minlash, ularning daromad manbaini kengaytirish va farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Teglar
- -