insurez
31-05-2025 14:36

Nurbuloqda bolajonlar uchun unutilmas bayram tashkil etildi


Bugun Nurobod tumani Nurbuloq mahallasida joylashgan "Abu Ali ibn Sino" sihatgohida 1-iyun – "Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni" munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.

Ushbu tadbir Nurbuloq mahallasi yettiligi, "Abu Ali ibn Sino" sihatgohi, hududdagi tadbirkorlar hamda homiylarning tashabbusi bilan o‘tkazilib, bolajonlarga chinakam bayramona kayfiyat ulashdi.

Tadbirda tuman hokimining o‘rinbosari S.Xujamiyarov ishtirok etib, barcha bolajonlarni bayram bilan samimiy tabrikladi hamda bolalarning baxtli hayoti va har tomonlama kamol topishi jamiyatning eng ustuvor vazifalaridan biri ekanligini alohida ta’kidladi.

Bayramda Kattaqo‘rg‘on amfiteatri san’atkorlari tomonidan tayyorlangan chiqishlar tomoshabinlarga katta quvonch bag‘ishladi. Bolajonlar musiqa, raqs va sahna ko‘rinishlaridan bahramand bo‘lishdi.

Tadbir davomida barcha bolalarga bayram sovg‘alari topshirildi. Bu esa ularning yuzida yanada ko‘proq tabassum va shodlik uyg‘otdi.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan bolalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar xonadonlariga borilib, ularning farzandlariga ham sovg‘a-salomlar topshirildi va bayram kayfiyati ulashildi. Bu tashabbus bolalar qalbida iliqlik, mehr va e’tibor tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydi.

Mazkur bayram tadbirlari orqali jamiyatimizda bolalarga bo‘lgan mehr, g‘amxo‘rlik va e’tibor yildan-yilga ortib borayotganini ko‘rish mumkin.

Teglar
- -